TOP–200 va TOP–500 xalqaro reytingidagi xorijiy oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan hamda nodavlat notijorat tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislarga lavozim maoshiga qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Ustamalar bakalavriat, magistratura va PhD darajalari bo‘yicha 3 yilgacha muddatga tayinlanadi.
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq, nodavlat notijorat tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmi joriy etilmoqda.
Unga ko‘ra, TOP–200 va TOP–500 xalqaro reytingidagi xorijiy oliy ta’lim muassasalarini bakalavriat, magistratura yoki PhD darajasida tamomlagan hamda NNTlarda asosiy ish joyi bo‘yicha faoliyat yuritayotgan yosh mutaxassislarga lavozim maoshiga qo‘shimcha ustama to‘lanadi.
Ma’lum qilinishicha, ustamalar 30 yoshgacha bo‘lgan yosh mutaxassislarga 3 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga beriladi. Bunda yosh mutaxassis ustamaning faqat bitta turidan foydalanishi mumkin.
Qo‘shimcha ustama olish uchun arizalar www.ngo.uz platformasi orqali elektron shaklda qabul qilinadi.
Ariza va hujjatlar tegishli komissiya tomonidan ko‘rib chiqilib, tavsiyanoma berish yoki rad etish bo‘yicha qaror qabul qilinadi.
Ustama miqdori bitirilgan oliy ta’lim muassasasining xalqaro reytingdagi o‘rni hamda mutaxassisning ta’lim darajasiga qarab belgilanadi.
Jumladan, TOP–200 reytingdagi OTM bitiruvchilariga:
— bakalavriat uchun bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravari;
— magistratura uchun 10 baravari;
— PhD yoki unga tenglashtirilgan ilmiy daraja uchun esa 15 baravari miqdorida ustama to‘lanadi.
TOP–500 reytingdagi OTM bitiruvchilariga esa:
— bakalavriat uchun BHMning 5 baravari;
— magistratura uchun 7 baravari;
— PhD darajasi uchun 10 baravari miqdorida qo‘shimcha ustama beriladi.
Avvalroq, bitiruvchilar sifat indeksi joriy etilishi hamda unda eng yuqori natija qayd etgan TOP-20 oliygoh 500 million so‘m berilishi haqida xabar bergan edik.
