Andijon viloyatida voyaga yetmagan bolaga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda voyaga yetmagan bolaga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgani aks etgan video tarqaldi.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoat xavfsizligi departamenti rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, 18-iyun kuni Shahrixon tumanida yashovchi fuqaro ‘‘102’’ qisqa raqamiga murojaat qilib, 9 yoshli o‘g‘liga tan jarohati yetkazilgani haqida xabar bergan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2016-yilda tug‘ilgan ikki nafar bola o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqib, ular o‘zaro mushtlashib ketgan. Shu paytda bolalardan birining otasi vaziyatga aralashib, janjalni to‘xtatish o‘rniga qo‘shni bolaga bir necha bor qo‘l ko‘targan. Oqibatda voyaga yetmagan bola tan jarohati olgan.
Hozirda Shahrixon tumani IIB tomonidan mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, ishtirokchilarning harakatlariga qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy baho berilishi ma’lum qilingan.
Avvalroq, Samarqand viloyati Pastdargʻom tumanida maktab oʻqituvchisining kaltaklanishi yuzasidan viloyat MMTB rasmiy izoh bergan edi.
