Kasbiy taʼlim tashkilotlarining ishlab chiqarish taʼlimi ustalariga kasbiy sertifikat berish tizimi joriy etiladi

Kasbiy taʼlim tashkilotlarining ishlab chiqarish taʼlimi ustalariga kasbiy sertifikat berish tizimi joriy etiladi

Kasbiy ta’lim tashkilotlarining ishlab chiqarish ta’limi ustalariga kasbiy sertifikat berish tartibini belgilovchi hukumat qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Loyihaga ko‘ra, ta’lim ustalari har 5 yilda kamida bir marta majburiy sertifikatlashdan o‘tkaziladi.

 

Muhokamalar portaliga ‘‘Kasbiy taʼlim tashkilotlarining ishlab chiqarish taʼlimi ustalariga kasbiy sertifikat berish tizimini joriy etish toʻgʻrisida’’gi loyiha jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.

 

Loyihaga ko‘ra, kasbiy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish ta’limi ustalarining kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini baholash hamda ularga davlat namunasidagi kasbiy sertifikat berish tartibi belgilanmoqda.

 

Bunda kasbiy taʼlim tashkilotlarining taʼlim ustalari har 5 yilda kamida bir marta majburiy sertifikatlashdan oʻtkaziladi. Sertifikatlashdan muvaffaqiyatli oʻtgan taʼlim ustalariga kasbiy sertifikat 5 yil muddatga beriladi.

 

Taʼlim ustasi lavozimiga birinchi marta ishga qabul qilingan shaxslar mazkur lavozimda bir yil ish stajiga ega boʻlgandan soʻng, majburiy sertifikatlashga jalb qilinadi.

 

Shuningdek, taʼlim ustalari oʻz xohishiga koʻra navbatdan tashqari sertifikatlashdan ham oʻtishi mumkin.

 

Quyidagilar navbatdagi majburiy sertifikatlashga jalb etilmaydi:

 

  • homilador ayollar, ular homilador bo’lgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin bir yil davomida;
  • homiladorlik va tugʻish hamda bolani parvarish qilish taʼtillarida boʻlgan ayollar, ular taʼtilda boʻlgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin bir yil davomida;
  • uch yoshgacha bolalari bor ayollar;
  • uzoq (uch oydan ortiq vaqt mobaynida) davolanishni oʻtayotgan ta’lim ustalari, ular davolanayotgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin olti oy davomida;
  • respublika va chet el davlatlariga oʻqishga, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga yuborilgan taʼlim ustalari, ular chet elda boʻlgan davrda. Ushbu taʼlim ustalari kasbiy taʼlim tashkilotiga (ish faoliyatiga) qaytgandan soʻng navbatdagi tashkil etiladigan majburiy sertifikatlashga jalb etiladi.

 

Quyidagi holatlarda esa taʼlim ustalariga kasbiy sertifikat toʻgʻridan-toʻgʻri, sertifikatlashdan oʻtkazilmasdan beriladi:

 

— “Ustoz” milliy mukofoti gʻolibi boʻlganda;

 

— “Worldskills” va Kasbiy mahorat milliy tanloviga tayyorlagan oʻquvchilari mazkur tanlovlarning respublika va xalqaro bosqichida sovrinli 1-3-oʻrinlarni egallaganda.

 

Sertifikatlashdan oʻtish yoki toʻgʻridan-toʻgʻri kasbiy sertifikat olish uchun taʼlim ustalari har yili 1-sentyabrdan 1-oktyabrga qadar bevosita Davlat xizmatlari markazlari orqali yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yohud Agentlikning axborot tizimidan roʻyxatdan oʻtgan holda murojaat qiladilar.

 

Sertifikatlash jarayoni ikki bosqichda – nazariy (30 ball) va amaliy (70 ball) shaklda o‘tkazilib, umumiy 100 ballik tizim asosida baholanadi. 70 ball va undan yuqori koʻrsatkichga ega boʻlgan taʼlim ustalari sertifikatlashdan oʻtgan hisoblanadi va ularga kasbiy sertifikat beriladi.

 

Agar taʼlim ustasi majburiy sertifikatlashdan oʻta olmagan taqdirda, u keyingi tashkil etiladigan sertifikatlashga navbatdan tashqari bir marta jalb etiladi.

 

Majburiy sertifikatlashdan o‘ta olmagan ta’lim ustalari navbatdan tashqari sertifikatlashda qatnashmagan yoki undan o‘ta olmagan taqdirda ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi qonunchiligida belgilangan tartibda bekor qilinadi.

 

Bunda mehnat shartnomasi bekor qilingan taʼlim ustasi davlat kasbiy taʼlim tashkilotlarida mazkur lavozimga qayta ishga kirishi uchun tegishli sertifikatga ega bo‘lishi lozim.