Soliq oliy maktabiga qabul joriy yildan boshlanadi

Soliq oliy maktabiga qabul joriy yildan boshlanadi

2026/2027-o‘quv yilidan Soliq oliy maktabida bakalavriat qabuli boshlanadi. Prezident qaroriga ko‘ra, muassasaga akademik va moliyaviy mustaqillik berilib, talabalar uchun davlat grantlari hamda xalqaro sertifikatlarni olish xarajatlarini qoplash tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

 

Prezidentning 2026-yil 16-iyundagi PQ-227-sonli qaroriga ko‘ra, Soliq oliy maktabi Soliq qo‘mitasi huzuridagi alohida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan, soliq organlari uchun kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, soliq sohasida fundamental hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib boruvchi respublikaning bazaviy ilmiy-metodik markazi va tayanch davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

 

Oliy maktabga qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqillikka oid tartib-taomillar tatbiq etiladi.

 

Oliy maktabda:

 

– 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab o‘qish davomiyligi kamida uch yil bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga talabgorlar o‘qishga qabul qilinadi;

 

– 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab magistratura va oliy ta’limdan keyingi ta’lim bosqichi joriy etiladi;

 

– Oliy maktabda soliqlar va soliqqa tortish, raqamli soliq ma’murchiligi, soliq huquqi va moliyaviy nazorat kabi yo‘nalishlarda kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

 

Oliy maktab bitiruvchilariga davlat namunasidagi diplom bilan birga soliq maslahatchisi va auditor malaka sertifikatini olish uchun o‘quv kurslarini o‘taganligi to‘g‘risidagi hujjat beriladi.

Buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi xalqaro tashkilotlarning sertifikatlarini (ACCA, DipIFR, CAP/CIPA, CIA, ACA) olgan Oliy maktab talabalariga ushbu sertifikatlarni olish bo‘yicha o‘qish xarajatlari Oliy maktab tomonidan qoplanadi.

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab:

– har yili davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlariga qo‘shimcha ravishda Oliy maktab uchun davlat granti bo‘yicha 50 ta, lekin umumiy qabul kvotasining 50 foizidan oshmagan miqdorda qabul kvotalari ajratib boriladi;

 

– soliqlar va soliqqa tortish yo‘nalishi bo‘yicha davlat buyurtmasining ustuvor ravishda Oliy maktabga ajratiladi.

 

Avvalroq, soliq tizimida bakalavriat va magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlashda yangi oliygoh tashkil etilishi haqida xabar bergan edik.