Toshkentdagi pedagoglarga ta’til puli berilmagani rostmi? MMTB rasmiy izoh berdi

Toshkentdagi pedagoglarga ta’til puli berilmagani rostmi? MMTB rasmiy izoh berdi

Toshkentdagi ayrim pedagoglarga mehnat ta’tili pullari to‘lanmagani haqidagi xabarlar ortidan MMTB rasmiy munosabat bildirdi. Boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, ta’tilga chiqqan 20 mingdan ortiq pedagog xodimga to‘lovlar qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilgan.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi umumta’lim maktablari pedagog xodimlariga mehnat ta’tili pullari to‘lanmagani haqidagi xabarlar tarqaldi.

 

Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.

 

Qayd etilishicha, murojaatlar yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilgan.

 

“O‘rganish natijalariga ko‘ra, mehnat ta’tilining birinchi bosqichida (25-maydan 5-iyungacha) ta’tilga chiqqan 16 ming 389 nafar hamda ikkinchi bosqichda (10-iyundan 15-iyungacha) ta’tilga chiqarilgan 4 ming 438 nafar pedagog xodimga mehnat ta’tili pullari qonunchilikda belgilangan tartibda o‘z vaqtida va bosqichma-bosqich to‘lab berilgan”, — deyiladi boshqarma axborotida.

 

Shuningdek, ta’til pullari bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelsa, o‘qituvchilar Toshkent shahar MMTB ning +998 55 516-05-55 (460) raqami orqali faoliyat yurituvchi call-markaziga murojaat qilish so‘ralgan.

 

Avvalroq, pedagog xodimlarga ta’til puli qaysi muddatgacha to‘lanishi kerakligi haqida xabar bergan edik.