Ta’lim muassasalarida yozgi ta’til davri boshlanishi bilan pedagog xodimlarga ta’til pullarini to‘lash tartibi yana kun tartibiga chiqdi. Qonunchilikka ko‘ra, ushbu to‘lovlarni amalga oshirish muddati aniq belgilangan bo‘lib, unga rioya etilmagan hollarda xodim kompensatsiya talab qilish huquqiga ega.
Yozgi ta’til mavsumi boshlanganidan so‘ng ta’lim muassasalari xodimlari orasida ta’til pullarini to‘lash muddati bilan bog‘liq savollar ko‘paymoqda. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ish beruvchi har yilgi mehnat ta’tili uchun to‘lovni xodim ta’tilga chiqishidan oldin amalga oshirishi shart.
Mehnat kodeksining 233-moddasiga muvofiq, ta’til puli jamoa shartnomasi, ichki hujjatlar yoki mehnat shartnomasida belgilangan muddatlarda, biroq ta’til boshlanishidan avvalgi oxirgi ish kunidan kechiktirmay to‘lanishi kerak.
Qonunchilikda ta’til puli o‘z vaqtida berilmagan holatlar uchun ham alohida tartib belgilangan. Xususan, ish beruvchi ish haqi, ta’til puli yoki boshqa majburiy to‘lovlarni kechiktirsa, xodimga qo‘shimcha pul kompensatsiyasi to‘lanadi.
Bunda kompensatsiya miqdori to‘lov muddati o‘tgan kundan boshlab, xodim bilan to‘liq hisob-kitob qilingan kungacha bo‘lgan davr uchun hisoblanadi. Har bir kechiktirilgan kun uchun foizlar O‘zbekiston Markaziy bankining amaldagi qayta moliyalash stavkasidan kelib chiqib belgilanadi.
Shu sababli ta’til pullarini o‘z vaqtida to‘lash nafaqat xodimlarning huquqlarini ta’minlaydi, balki ish beruvchini qo‘shimcha moliyaviy xarajatlardan ham saqlab qoladi.
Avvalroq, oʻrindosh oʻqituvchilarga ta’til puli qanday hisoblanishi haqida xabar bergan edik.
