Xorazm viloyati Yangiariq tumanidagi 38-son ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf o‘quvchisi Shanazarova Madina bir nechta fandan sertifikat olib, muddatidan oldin 189 ball to‘pladi. U IELTS 5.5, tarix fanidan A, matematika fanidan C+, o‘zbek tili va adabiyot fanidan esa C darajali sertifikatlarga ega bo‘ldi.
Kelajakda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro munosabatlar yo‘nalishida tahsil olishni maqsad qilgan Madina muvaffaqiyat ortida uzoq yillik mehnat, qat’iyat va aniq reja turganini ta’kidlaydi.
Sertifikat olish g‘oyasi menda 10-sinfdan boshlangan. O‘sha paytdan boshlab kelajakdagi maqsadlarimga erishish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rishni boshladim, — deydi u.
Madinaning aytishicha, har bir fan bo‘yicha tayyorgarlik muddati turlicha bo‘lgan. U ingliz tilini 2 yil davomida muntazam o‘rganib, IELTS imtihonidan 5.5 ballik natijani qo‘lga kiritgan. Tarix faniga 1 yil davomida tayyorlangan bo‘lsa, o‘zbek tili va adabiyot hamda matematika fanlari bo‘yicha sertifikat olish uchun qisqa muddat ichida tayyorgarlik olib borgan.
Tayyorgarlik jarayonida u repetitorlar ko‘magidan foydalangan. Biroq muvaffaqiyatning asosiy omili sifatida vaqtni to‘g‘ri taqsimlashni ko‘rsatadi.
Uning fikricha, sertifikat imtihonlari oson bo‘lmagan. Ayrim fanlarda savollar kutilganidan murakkabroq bo‘lsa-da, oldindan tuzilgan reja va muntazam tayyorgarlik qiyinchiliklarni yengishga yordam bergan.
Madina asosan darslarini soat 22:00 gacha bajarib, 22:00 dan 05:00 gacha dam olgan. U ‘Sog‘ tanda — sog‘lom aql’ tamoyiliga amal qilishga harakat qilgan. Yuqori natijaga erishish uchun Madina yoshlar, ayniqsa abituriyentlar keraksiz mashg‘ulotlardan voz kechishi zarurligini ta’kidlaydi.
Maqsadga erishish uchun ma’lum vaqt davomida ko‘ngilochar mashg‘ulotlardan cheklanish kerak. Ayniqsa, telefondan va ijtimoiy tarmoqlardan uzoqroq bo‘lish foydali. Men odatda ijtimoiy tarmoqlarga ko‘p vaqt sarflamayman va bu natijalarimda ijobiy aks etdi, — deydi u.
Tengdoshlariga murojaat qilar ekan, Madina eng avvalo maqsadni to‘g‘ri qo‘yish va unga erishish uchun mukammal reja tuzish muhimligini qayd etdi.
Oldingizga aniq maqsad qo‘ying. O‘sha maqsad haqida ko‘proq o‘ylang va unga erishish uchun reja tuzing. Eng muhimi, tuzilgan reja asosida harakat qiling, — deya maslahat beradi u.
Ta’lim tizimi haqida fikr bildirar ekan, o‘quvchi darslarning qiziqarli va amaliy tarzda tashkil etilishi muhimligini bildirdi.
Agar o‘quvchi dars davomida nima o‘rganayotganini his qilmasa, darsning samarasi kamayadi. Shu sababli darslar yanada qiziqarli va tushunarli bo‘lishi kerak, — deydi Madina.
Bugungi kunda o‘ziga kerak barcha sertifikatlarni qo‘lga kiritgan Madina o‘z ustida ishlashda davom etmoqda. U shaxsiy rivojlanishga ko‘proq e’tibor qaratib, badiiy adabiyotlar mutolaa qilib, sport bilan muntazam shug‘ullanmoqda.
Madinani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, Angrenda abituriyent qiz 5 ta fandan milliy sertifikat olib, muddatidan oldin 189 ballni naqd qilgani haqida xabar bergan edik.
