Dunyo bo‘ylab ta’lim muassasalari, o‘quvchilar va pedagoglarga hujumlar 40 foizga oshgan — tadqiqot

Dunyo bo‘ylab ta’lim muassasalari, o‘quvchilar va pedagoglarga hujumlar 40 foizga oshgan — tadqiqot

Dunyo bo‘ylab maktablar, universitetlar, o‘quvchilar va pedagoglarga qilingan hujumlar soni keskin oshgan. GCPEA hisobotiga ko‘ra, 2024–2025-yillarda ta’lim tizimiga qarshi 8,5 mingdan ortiq hujum qayd etilgan.

 

Ta’limni Hujumlardan Himoya Qilish Global Koalitsiyasi (GCPEA) ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi ikki yil davomida 10,6 mingdan ortiq o‘quvchi, talaba va ta’lim xodimi halok bo‘lgan, jarohatlangan, o‘g‘irlab ketilgan yoki hibsga olingan.

 

Hisobotda bunday holatlar 83 mamlakatda qayd etilgani aytiladi. Eng ko‘p hujumlar Kolumbiya, Kongo Demokratik Respublikasi, Efiopiya, Gaiti, Falastin va Ukrainada kuzatilgan.

 

Jumladan, Ukrainada maktablarga qariyb 900 marta hujum uyushtirilgan bo‘lsa, Falastinda o‘quvchilar va ta’lim xodimlariga nisbatan kamida 2 400 ta hujum qayd etilgan.

 

Tadqiqotga ko‘ra, harbiy kuchlar va qurolli guruhlar tomonidan maktab hamda universitetlardan foydalanish holatlari ham ortgan. So‘nggi ikki yilda bunday holatlar soni 91 foizga ko‘payib, 1 912 taga yetgan.

 

GCPEA direktori Liza Chung Bender ta’lim muassasalari xavfsizligi tobora jiddiy muammoga aylanayotganini ta’kidlagan.

 

‘‘Hisobot natijalari dunyoda bolalar va ta’lim muassasalari xavfsizligi tobora katta tahdid ostida qolayotganini ko‘rsatmoqda. Agar zarur choralar ko‘rilmasa, vaziyat yanada og‘irlashishi mumkin’’, — dedi u.

 

Eng ko‘p jabrlanganlar Myanma, Nigeriya, Yaman va Kamerunda qayd etilgan. Hisobotga ko‘ra, ushbu mamlakatlarda 1,7 mingdan ortiq o‘quvchi va ta’lim xodimi halok bo‘lgan yoki turli darajada jarohat olgan.

 

Nigeriyada 700 dan ortiq o‘quvchi va pedagog o‘g‘irlab ketilgan. Myanmada esa kamida 80 nafar o‘quvchi va ta’lim xodimi halok bo‘lgan, qariyb 240 kishi jarohatlangan.

 

London universitet kolleji professori Tejendra Pheralining ta’kidlashicha, bunday hujumlar alohida hodisalar emas, balki so‘nggi yillarda muntazam kuzatilayotgan holatga aylanib bormoqda.

 

“Bu statistika ortida o‘zini maktabda ham xavfsiz his qilmayotgan bolalar taqdiri turibdi. Natijada nafaqat ta’lim, balki bolalarning xavfsizlik hissi, kelajakka ishonchi va ta’lim tizimiga bo‘lgan ishonchi ham zarar ko‘rmoqda”, — dedi professor.

 

Hisobotda kamida 11 mamlakatda ayollar va qizlar jinsi sababli nishonga olingani ham qayd etilgan. Jumladan, 2025-yil 17-noyabr kuni Nigeriyadagi qizlar internat maktabiga uyushtirilgan hujumda direktor o‘rinbosari o‘ldirilgan va 25 nafar qiz o‘quvchi o‘g‘irlab ketilgan.

 

Nogironligi bo‘lgan bolalar ham hujumlardan zarar ko‘rgan. Masalan, 2025-yil sentabr oyida Livandagi alohida ehtiyojli bolalar uchun mo‘ljallangan maktab portlatib yuborilgani haqida ma’lumotlar keltirilgan.

 

War Child UK xayriya tashkiloti vakili Kiran King bunday hujumlar xalqaro gumanitar huquq, jumladan Jeneva konvensiyalarining qo‘pol buzilishi ekanini ta’kidlagan.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2010-yildan buyon qurolli mojarolar hududida yashayotgan bolalar soni 60 foizga oshgan, bolalarga qarshi sodir etilayotgan og‘ir huquqbuzarliklar, jumladan ta’limga hujumlar esa 373 foizga ko‘paygan.

 

GCPEA mutaxassislari bunday hujumlarning oldini olish mumkinligini ta’kidlamoqda. Buning uchun davlatlar maktab va universitetlardan harbiy maqsadlarda foydalanishga barham berishi, ta’lim muassasalarining himoyasini kuchaytirishi hamda xavflarni oldindan aniqlash va ogohlantirish tizimlarini rivojlantirishi kerak.