2026–2027-oʻquv yili uchun davlat oliy va kasbiy taʼlim muassasalariga qabul jarayonida onlayn roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlar soni 99 ming 800 nafarga yetdi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 39,6 foizga koʻp boʻlib, talabgorlarning asosiy qismi oʻzbek tilida taʼlim olishni tanlagan.
Xabaringiz bor, davlat OTM lariga qabul jarayonlari davom etmoqda. 11-iyun soat 18:02 holatiga koʻra davlat oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlariga qabul uchun jami 99 800 nafar abituriyent onlayn roʻyxatdan oʻtdi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 28 ming 306 nafarga yoki 39,6 foizga koʻp. Taqqoslash uchun, 2025-yilda ushbu koʻrsatkich 71 ming 494 nafarni tashkil etgan.
Roʻyxatdan oʻtganlarning 46 ming 312 nafari joriy yil bitiruvchilari boʻlsa, 53 ming 488 nafari avvalgi yillarda taʼlim muassasalarini tamomlagan abituriyentlardir.
Talabgorlar orasida erkaklar ulushi yuqoriligicha qolmoqda. Hozirgi kunga qadar 56 ming 401 nafar erkak (56,5 foiz) va 43 ming 399 nafar ayol (43,5 foiz) roʻyxatdan oʻtgan.
Taʼlim tili boʻyicha eng katta ulush oʻzbek tiliga toʻgʻri kelmoqda. Oʻzbek tilida taʼlim olishni tanlaganlar soni 87 ming 861 nafarni (88 foiz) tashkil etgan. Rus tilini tanlaganlar 10 ming 383 nafar (10,4 foiz), qoraqalpoq tilini tanlaganlar 1 ming 352 nafar (1,4 foiz), boshqa tillarni tanlaganlar esa 204 nafarni (0,2 foiz) tashkil qilgan.
Hududlar kesimida esa eng koʻp abituriyent Toshkent shahridan roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, ularning soni 20 ming 861 nafar. Keyingi oʻrinlarda Samarqand viloyati (11 ming 33 nafar), Andijon viloyati (9 ming 530 nafar), Fargʻona viloyati (9 ming 113 nafar) va Qashqadaryo viloyati (7 ming 383 nafar) qayd etilgan.
Eng kam koʻrsatkich esa Soʻx tumani hissasiga toʻgʻri kelib, ushbu hududdan 169 nafar abituriyent roʻyxatdan oʻtgan.
Eslatib oʻtamiz, onlayn roʻyxatdan oʻtish Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Agentlikning my.uzbmb.uz saytida amalga oshirilmoqda. Onlayn roʻyxatdan oʻtishning 1-bosqichi 25-iyunga qadar (shu kuni ham) davom etadi.
Avvalroq, telefon raqamini yo‘qotgan yoki parolini unutgan abituriyentlar qanday yo‘l tutishi kerakligi haqida xabar bergan edik.

