Farg‘onada 15 yoshli o‘quvchi bir nechta sertifikatlar olib, muddatidan oldin talabalikni naqd qildi

Farg‘onada 15 yoshli o‘quvchi bir nechta sertifikatlar olib, muddatidan oldin talabalikni naqd qildi

Ba’zan katta muvaffaqiyatlar uzoq yillar davom etgan mehnat emas, balki aniq maqsad, mustahkam intizom va vaqtni to‘g‘ri taqsimlash natijasida qo‘lga kiritiladi. Farg‘onalik 9-sinf o‘quvchisi Abdulxoshimov Abdulbosid Alisher o‘g‘lining hikoyasi buning yorqin isbotidir.

 

Farg‘ona viloyati Buvayda tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 9-sinf bitiruvchisi Abdulxoshimov Abdulbosid Alisher o‘g‘li milliy sertifikatlar orqali 189 ballni qo‘lga kiritib, muddatidan oldin talabalik imkoniyatiga ega bo‘ldi. Jumladan, IELTS 5.5, CEFR B2, matematika A+, o‘zbek tili va adabiyot B+ hamda tarixdan C+ darajali sertifikatlarni olgan.

 

O‘quvchining ko‘zlagan manzili esa mamlakatdagi nufuzli oliygohlardan biri — Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro iqtisodiyot va menejment” yo‘nalishi.

 

Bu muvaffaqiyat bir kunda yoki bir oyda qo‘lga kiritilgani yo‘q. Hammasi 8-sinfni yakunlab, 9-sinf sari ilk qadamlarni qo‘yayotgan davrda boshlangan.

 

U matematika va ingliz tili fanlariga olti-yetti oy davomida tayyorgarlik ko‘rgan. Tarix va ona tili uchun esa atigi bir oy vaqt ajratgan. Biroq bu qisqa muddatlar ortida kunlik izlanish, muntazam mashg‘ulot va o‘z ustida ishlash yotardi.

 

Abdulbosidning ta’kidlashicha, uning eng yaqin yordamchilari zamonaviy texnologiyalar bo‘lgan. Onlayn platformalar, test to‘plamlari va darsliklar Abdulbosidning kundalik hamrohiga aylangan. Har bir test, har bir xato va har bir to‘g‘ri javob navbatdagi natijaga olib boradigan qadam bo‘lgan.

 

Muvaffaqiyatimning asosiy sababi intizom deb o‘ylayman. Bilim olishga ko‘proq vaqt ajratishga harakat qildim. Tayyorgarlik jarayoni qiyinroq bo‘lgani uchun imtihon savollari kutganimdan osonroq tuyuldi, — deydi u.

 

Ammo har qanday muvaffaqiyat yo‘lida bo‘lgani kabi, uning yo‘lida ham charchoq, bosim va tushkunlik bo‘lgan. Ayrim kunlari darslarga bo‘lgan ishtiyoq pasaygan, ba’zan esa dam olishga ehtiyoj sezilgan.

 

Shunday paytlarda u o‘zining sevimli mashg‘ulotlariga murojaat qilgan. Chizmachilik va tasviriy san’at uning uchun nafaqat hobbi, balki ruhiy tiklanish vositasi bo‘lib xizmat qilgan.

 

Tushkunlikka tushgan paytlarimda rasm chizardim. Bu menga stressni yengishga yordam bergan. Imtihon oldidan ham odatdagidan ko‘proq dam oldim va bu foyda berdi, — deydi u.

 

Bugun qo‘lga kiritilgan 189 ball Abdulbosid uchun yakun emas. Aksincha, bu katta maqsadlar sari ochilgan yangi eshikdir. Hozirda u IELTS va SAT xalqaro sertifikatlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Chunki uning eng katta orzusi xorijdagi nufuzli universitetlardan birida tahsil olish.

 

Abdulbosidni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, Andijonda yana bir abituriyent sertifikatlar to‘plab, muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lgani haqida xabar bergan edik.