Qashqadaryoda bog‘cha transportida unutib qoldirilgan 3 yoshli tarbiyalanuvchi vafot etdi

Qashqadaryoda bog‘cha transportida unutib qoldirilgan 3 yoshli tarbiyalanuvchi vafot etdi

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida 3 yoshli tarbiyalanuvchi transport vositasida unutib qoldirilishi oqibatida vafot etdi.

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot kotibi ma’lum qilishicha, hodisa Qamashi tumanidagi “Zafar” MFYda faoliyat yuritgan yakka tartibdagi tadbirkor O.Aga tegishli oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida sodir bo‘lgan.

 

Qayd etilishicha, joriy yilning 4-iyun kuni muassasaga qatnovchi tarbiyalanuvchilardan biri transport vositasida qoldirib ketilgan. Muassasa xodimlarining e’tiborsizligi oqibatida bola avtomashina ichida vafot etgan.

 

Mazkur ta’lim tashkiloti rahbariyati va mas’ul xodimlari bolalarni avtotransportda tashish qoidalariga qat’iy rioya etish bo‘yicha muntazam ogohlantirib kelingan. Biroq belgilangan talab va majburiyatlarga amal qilinmagan.

 

Hozirda ushbu holat yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

Shuningdek, bog‘cha faoliyatini yuritgan yakka tartibdagi tadbirkor bilan tuzilgan tegishli bitim hujjatlari bekor qilingan.

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi marhuma tarbiyalanuvchining oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, voqeaga aloqador barcha mas’ullarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishini ma’lum qilgan.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiyda oilaviy bog‘cha tarbiyalanuvchilari ishtirokida YTH sodir bo‘lgan edi. 13 nafar bolani Matiz avtomobilida bog‘chaga olib ketayotgan ayol boshqaruvni yo‘qotib, halokatga uchragan. Hodisa oqibatda haydovchi vafot etib, bolalardan biri koma holatiga tushgan edi.