Andijonda yana bir abituriyent sertifikatlar to‘plab, muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi

Andijonda yana bir abituriyent sertifikatlar to‘plab, muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi

Andijonda yana bir abituriyent o‘ziga kerak bo‘ladigan fanlardan sertifikatlar oldi. Bu orqali u muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyati mavjud.

 

Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi 34-maktabning 11-sinf bitiruvchisi Adxamjonova Raxshona Nurullo qizi bir nechta fandan sertifikatlarni qo‘lga kiritdi. U ingliz tilidan CEFR B2, matematika fanidan B, tarix hamda o‘zbek tili va adabiyot fanlaridan C+ darajadagi natijalarni qayd etdi.

 

Abituriyent ayni damda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro iqtisodiyot va menejment yo‘nalishida o‘qishni maqsad qilgan.

 

Bitiruvchining ta’kidlashicha, ushbu natijalar ortida eng avvalo oilasining ishonchi va qo‘llab-quvvatlashi turadi. U sertifikatlarni 2025–2026-yillar davomida qo‘lga kiritgan bo‘lib, bu yo‘lda ota-onasi va ustozlarining yordami katta bo‘lgan.

 

Oilam meni doim qo‘llab-quvvatlashdi. Aynan shu ishonch oldimga qo‘ygan maqsadlarim sari dadil yurishimga yordam berdi, — deydi Raxshona.

 

Har bir natija ortida o‘ziga xos tayyorgarlik jarayoni bo‘lgan. U IELTS imtihoniga 1 yil davomida tayyorlangan bo‘lib, 5.5 ballni olgan. Matematikadan 4 oy vaqt, ona tili va adabiyot fanidan 3 hafta, tarix fanidan esa bir yarim oy davomida tayyorgarlik ko‘rgan. Ingliz tilidan CEFR sertifikatini esa alohida tayyorgarliksiz B2’ni qo‘lga kiritgan.

 

Tayyorgarlik davomida unga repetitorlar va maktab o‘qituvchilari yaqindan yordam bergan. Shuningdek, zamonaviy texnologiyalardan ham unumli foydalangan. Uning aytishicha, vaqtni boshqarish va diqqatni jamlash uchun “Forest” ilovasidan foydalanishi yaxshi samara bergan.

 

Raxshonaning fikricha, muvaffaqiyatning eng muhim omillaridan biri — muntazam mashq qilishdir.

 

Practice, faqat practice. Xatolarni tahlil qilish va ularni qayta takrorlamaslik juda muhim. Natija aynan shu jarayon orqali keladi. Menda “time-management” juda kuchli bo‘lmagan. Lekin bir vazifa ustida uzoq va jiddiy ishlay olardim. Shu odat natijaga erishishimda yordam berdi. Shuningdek, “Hali tayyormanmi?” degan savoldan qochish kerak. Imkoniyat bo‘lsa, sinab ko‘rish kerak. Ba’zan inson o‘z salohiyatini faqat harakat qilganidan keyingina anglaydi, — deydi u.

 

Ta’lim tizimi haqida fikr bildirar ekan, u maktablarda abituriyentlarning tanlagan yo‘nalishlariga ko‘proq e’tibor qaratilishi kerakligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, nazariy bilim bilan bir qatorda testlarga yo‘naltirilgan tayyorgarlik ham kuchaytirilsa, natijalar yanada yuqori bo‘ladi.

 

Ayni damda u xorijiy tillarni o‘rganish va SAT sertifikatini qo‘lga kiritish ustida ishlamoqda.

 

Raxshonani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, IELTS 7.0, TRKI-III (C1) va bir nechta milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan avval talaba bo‘lgan buxorolik o‘quvchi bilan suhbatlashgan edik.