Buxoro viloyati Shofirkon ixtisoslashtirilgan maktabining 11–02 tabiiy sinf o‘quvchisi Latipova Nilufar Feruzovna bir nechta fanlardan milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritib, tengdoshlari orasida o‘rnak bo‘layotgan yoshlar safidan joy oldi. U IELTS’dan 7.0 natijani qayd etgan bo‘lsa, rus tili va adabiyot fanidan A, TRKI-III (C1), matematika fanidan C+, tarix fanidan esa C darajali milliy sertifikatlarga ega bo‘ldi.
Nilufarning asosiy maqsadi — O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining Tarjima nazariyasi va amaliyoti yo‘nalishida tahsil olish. Sababi, unga tillar o‘rganish, turli madaniyatlar bilan ishlash qiziq.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.
Men 189 ball olishni oldimga aniq maqsad qilib qo‘yganman. Shu sababli milliy sertifikatlar bu maqsadga erishishdagi eng samarali va oqilona yo‘l deb o‘yladim. Tayyorgarlik jarayoni esa men uchun shunchaki dars qilish emas, balki aniq reja va strategiya asosida ishlash jarayoni bo‘ldi, — deydi u.
Uning ta’kidlashicha, muvaffaqiyat ortida aniq reja va puxta strategiya yotadi. Har bir sertifikat uchun alohida tayyorgarlik davri belgilangan. Masalan, IELTS imtihoniga 5 oy davomida intensiv tayyorgarlik ko‘rib, 7.0 natijaga erishgan. Shundan so‘ng, rus tili milliy sertifikati uchun 3 oy, tarix va matematika fanlari bo‘yicha sertifikatlar uchun esa o‘rtacha ikki oydan vaqt ajratgan.
Tayyorgarlik jarayonida maktab o‘qituvchilari va repetitorlar ko‘magidan foydalangan o‘quvchi amaliy testlar ustida ishlashga alohida e’tibor qaratganini aytadi.
Faqat maktab darsliklari bilan cheklanib qolmadim. Qo‘shimcha o‘quv materiallari, turli qo‘llanmalar va ayniqsa test to‘plamlaridan juda ko‘p foydalandim. Amaliy testlar ishlash orqali savol formatiga moslashish va xatolar ustida ishlashga alohida e’tibor qaratdim, — deydi u.
Nilufarning muvaffaqiyatga eltgan asosiy usullaridan biri monokonsentratsiya tamoyili bo‘lgan. U bir vaqtning o‘zida ko‘plab fanlarga emas, balki ma’lum davr davomida bitta ustuvor yo‘nalishga to‘liq e’tibor qaratgan.
Men bir ustuvor fan tanlayman va qisqa, ammo intensiv davr davomida unga to‘liq sho‘ng‘iyman. Kerakli natijaga erishganimdan so‘ng, butun e’tiborimni keyingi sohaga yo‘naltiraman. Bu usul menga diqqatni bo‘lib yubormaslikka hamda nisbatan qisqa vaqt ichida yuqori natijalarga erishishga yordam beradi.
Kimyo-biologiya yo‘nalishidagi ixtisoslashtirilgan sinfda tahsil olayotgan Nilufar uchun maktabdagi asosiy fanlarni o‘zlashtirish bilan bir qatorda sertifikatlarga tayyorgarlik ko‘rgan.
Bir vaqtning o‘zida ham maktab fanlariga, ham sertifikat uchun tayyorgarlikka ulgurishim kerak edi. Vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va aniq reja asosida ishlash menga hammasiga ulgurishga yordam berdi. Kimyo va biologiya fanlarini ham yaxshi o‘zlashtirib, chorak imtihonlari hamda barcha nazorat ishlari va imtihonlarga tayyorlanishga harakat qildim. Bu ikki yo‘nalish bir-biridan farq qilsa ham, vaqtni to‘g‘ri taqsimlash va aniq reja asosida ishlash menga hammasiga ulgurishga yordam berdi, — deydi u.
Albatta, muvaffaqiyat sari yo‘l qiyinchiliklarsiz bo‘lmagan. Ba’zan uyqu rejimi buzilgan, yuklama ortgan. Biroq oldiga qo‘yilgan maqsad uni oldinga intilishdan to‘xtatmagan.
Tayyorgarlik davrida uyqu rejimim ham buzilgan paytlar bo‘ldi. Chunki bir vaqtning o‘zida ham maktab, ham sertifikatlar uchun katta mas’uliyat bor edi. Lekin maqsadim aniq bo‘lgani uchun shu davrni sabr bilan o‘tkazishga harakat qildim, — deydi yosh abituriyent.
Nilufar imtihonlarda muvaffaqiyat qozonish uchun psixologik tayyorgarlik ham muhim ekanini ta’kidlaydi.
Agar inson o‘z oldiga aniq va qat’iy maqsad qo‘ysa, unga albatta erisha oladi. Shuning uchun diqqatimni ko‘proq maqsadimga qaratishga harakat qilganman. Mening fikrimcha, imtihonlarning qiyinlik darajasi asosan standart darajada bo‘ldi. Ko‘p hollarda savollar men kutgandek tushdi. Lekin ayrim fanlarda, masalan tarixda, imtihon men o‘ylaganimdan biroz murakkabroq bo‘ldi. Shunga qaramay, tayyorgarlik jarayonida ko‘p test ishlaganim sababli qiyin savollarga ham moslasha oldim, — deydi u.
Bugungi kunda Nilufar o‘zini yangi yo‘nalishda ham sinab ko‘rmoqda. U IT sohasini o‘rganishni boshlagan va bu yo‘nalishga qiziqishi tobora ortib borayotganini bildirdi.
Nilufarni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, ingliz tili filologiya yo‘nalishida o‘qimoqchi bo‘lgan qashqadaryolik o‘quvchi bilan suhbatlashgan edik.
