Abituriyentlar chet tilidan xalqaro sertifikat ma’lumotlarini my.uzbmb.uz platformasiga 25-iyunga qadar kiritishlari mumkin. IELTS sertifikatlari uchun Test Report Form Number, TOEFL iBT uchun esa Appointment Number sertifikat seriyasi va raqami sifatida kiritiladi.
Xabaringiz bor, 5-iyundan boshlab 2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish boshlandi. Abituriyentlar hujjatlarini 25-iyunga qadar (shu kuni ham) my.uzbmb.uz sayti orqali onlayn topshirishlari mumkin. Ushbu qabul jarayonlarida chet tilidan xalqaro sertifikatlarni bazaga kiritish bo‘yicha savollar kelib tushmoqda. Quyida ularga javob olishingiz mumkin:
Chet tilidan xalqaro sertifikat ma’lumotlarini kiritishda sertifikat seriyasi va raqamiga qaysi raqamni yozishim kerak?
IELTS sertifikatining quyi qismida Test Report Form Number mavjud bo‘lib, sertifikat seriyasi va raqamiga Test Report Form Number kiritiladi. TOEFL iBT sertifikatida esa Appointment number kiritiladi.
Chet tilidan xalqaro sertifikatlarni 20-iyunga qadar kiritish kerakmi? Undan keyin kiritilsa, inobatga olinmaydimi?
Chet tilidan xalqaro sertifikatlarni qabul yakunlangunga qadar, ya’ni 25-iyungacha kiritish mumkin. Lekin sertifikatlarni tekshirish murakkab va ko‘p vaqt talab etadigan jarayon ekanligini inobatga olgan holda ertaroq kiritish tavsiya etiladi.
Avvalroq, sertifikatlarning amal qilish muddati va ularni tekshirish tartibi haqida xabar bergan edik.
