Maktablarda zo‘ravonlik, stress va o‘quvchilar muammolari o‘rganilmayaptimi? Vazirlik javob berdi

Maktablarda zo‘ravonlik, stress va o‘quvchilar muammolari o‘rganilmayaptimi? Vazirlik javob berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda maktab taʼlimi tizimida sotsiologik tadqiqotlar olib borilmayotgani haqidagi fikrlarga Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi munosabat bildirdi. Vazirlik maʼlumotiga koʻra, joriy oʻquv yilida yuz minglab pedagog va oʻquvchilar ishtirokida psixologik-pedagogik soʻrovlar hamda diagnostik tadqiqotlar oʻtkazilgan.

 

Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali ayrim jamoatchilik faollari tomonidan maktab taʼlimiga doir sotsiologik tadqiqotlar olib borilmayotganligi, xususan yoshlar hayotiga doir muammolar oʻrganilmayotganligiga doir mulohazalar bildirilmoqda. Ushbu xabarlar yuzasidan MMTV matbuot kotibi rasmiy munosabat bildirdi.

 

Maʼlum qilinishicha, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik Respublika tashxis markazi tomonidan pedagoglarning kasbiy psixologik holatini doimiy tahlil qilib borish, oʻsmirlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish, ular ishtirokidagi turli xil zoʻravonlik koʻrinishlarining oldini olish, suitsidal holatlarga moyilligi boʻlgan oʻquvchilarni barvaqt aniqlash va ularga ijtimoiy-psixologik yordam koʻrsatish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

 

Joriy oʻquv yilida pedagoglarning kasbiy stress va emotsional soʻnish holati, shaxsning tajovuzkorlik holatlarini aniqlash boʻyicha oʻtkazilgan psixologik-pedagogik diagnostik soʻrovnomalarda maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan 78 251 nafar, umumtaʼlim maktablaridan 142 704 nafar pedagog xodimlar qamrab olingan.

 

Mazkur soʻrovnoma natijalari doimiy tahlil qilinib, aniqlangan holatlar boʻyicha hamkor tashkilotlar ishtirokida pedagoglar uchun oʻquv seminarlari, trening mashgʻulotlari va amaliy metodik yordamlar koʻrsatilmoqda.

 

Shuningdek, taʼlim tashkilotlari psixologlari hamda pedagoglarini metodik tomondan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha metodik qoʻllanmalar, trening mashgʻulotlari dasturi, malaka oshirish oʻquv kurslari muntazam ravishda tashkil etib kelinayotgani bildirilgan.

 

Xabarga koʻra, 352 181 nafar 8-9 sinf oʻquvchilari ishtirokida tarbiyaviy, 685 179 nafar 7-11-sinf oʻquvchilari ishtirokida turli koʻrinishdagi zoʻravonlik holatlarini aniqlash boʻyicha soʻrovnomalar oʻtkazilgan, 412 700 nafar 7-8-sinf oʻquvchilari orasida maqsadga intilish va tashkilotchilik qobiliyatlarini aniqlash boʻyicha tashxis ishlari amalga oshirilgan.

 

Shu bilan birga, 975 212 nafar 9-11-sinf oʻquvchilarining kasbiy qiziqishlari va qobiliyatlarini oʻrganish natijalari boʻyicha ularning qiziqishlari va mehnat bozori ehtiyojlari oʻrtasidagi uygʻunlikni taʼminlashga qaratilgan 34 soatlik maxsus dasturlar ishlab chiqilib aprobatsiyadan oʻtkazilgan.

 

“Yana bir muhim yangilik sifatida shuni aytish lozimki, vazirlik huzurida taʼlim tashkilotlarida psixologik qoʻllab-quvvatlashni samarali tashkil etish, pedagog va ota-onalarga bu boradagi zarur tavsiyalarni ishlab chiqish, psixologik xizmat koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish xizmat qiluvchi yangi ilmiy tadqiqot instituti faoliyati yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilgan” — deyiladi xabarda.

 

Qayd etilishicha, mazkur institutning ish boshlashi bilan taʼlim sohasining barcha boʻgʻinlarida psixologik xizmatni tashkil etish va rivojlantirishning yagona ilmiy-metodik tizimi yaratilishi, taʼlim psixologiyasi, bolalar psixologiyasi va pedagogik psixologiya yoʻnalishlarida fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish, zamonaviy psixodiagnostika metodikalari hamda ilmiy asoslangan, ilgʻor xalqaro tajribalarga asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish tizimi yoʻlga qoʻyilishi belgilangan.

 

“Vazirlik tomonidan taʼlim sohasi xodimlarining psixologik holatini tahlil qilish, oʻquvchilarning shaxsiy, ijtimoiy va xulqiy xususiyatlarining muntazam oʻrganib borish hamda aniqlangan muammolarni bartaraf etish boʻyicha maqsadli psixologik-pedagogik chora-tadbirlar amalga oshirib borilmoqda” — deydi rasmiylar.