Mehnat ta’tilidagi pedagoglarni roziligisiz ishga jalb qilish mumkin emas — Mehnat inspeksiyasi

Mehnat ta’tilidagi pedagoglarni roziligisiz ishga jalb qilish mumkin emas — Mehnat inspeksiyasi

Mehnat ta’tilida bo‘lgan pedagoglarni ularning roziligisiz ishga chaqirish, xizmat topshiriqlari berish yoki turli tadbirlarga jalb etish mehnat qonunchiligi talablariga zid hisoblanadi. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi ma’lum qildi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda mehnat ta’tilida bo‘lgan ayrim pedagoglarning turli tadbirlarga jalb etilayotgani yuzasidan muhokamalar tarqalgan edi. Mazkur holat yuzasidan Davlat mehnat inspeksiyasi rasmiy munosabat bildirdi.

 

Ta’kidlanishicha, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, har yilgi mehnat ta’tili xodimning dam olishi va mehnat qobiliyatini tiklashi uchun beriladigan davr hisoblanadi. Ta’til vaqtida xodimning ish o‘rni (lavozimi) va o‘rtacha ish haqi saqlanib qoladi hamda u mehnat vazifalarini bajarishdan ozod etiladi.

 

Shu munosabat bilan inspeksiya pedagog xodimlarni ularning roziligisiz mehnat ta’tilidan chaqirib olish, ta’til davrida xizmat topshiriqlari berish yoki turli tadbirlarga jalb etish qonunchilik talablarini buzish ekanini eslatdi.

 

Qayd etilishicha, mansabdor shaxslar tomonidan mehnat qonunchiligi talablarining buzilishi uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan. Shuningdek, xodimlarni turli tadbirlarda qatnashishga majburlash, ularga bosim o‘tkazish yoki tahdid qilish holatlari majburiy mehnat sifatida baholanishi va qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

 

Pedagoglar o‘z huquqlari buzilgan holatlarda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining 1176 qisqa raqami, Ishonch telefoni (71) 200-06-00 yoki Davlat mehnat inspeksiyasining rasmiy telegram boti orqali murojaat qilishlari mumkinligi ta’kidlandi.

 

Avvalroq, qoʻshimcha dam olish kunlari hisobiga pedagoglarning oylik maoshlari kamaymasligi haqida xabar bergan edik.