Andijonda xorijiy davlatlarning bakalavr diplomini va Koreyaga ishchi vizani olib berishni va’da qilgan nodavlat ta’lim muassasasi rahbari 500 AQSH dollari va 3 mln so‘m olayotgan vaqtda qo‘lga olindi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabariga ko‘ra, Andijon viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Ma’lum qilinishicha, tezkor tadbirda “N.K” nodavlat ta’lim muassasasi rahbari S.E. fuqaro O.A.ga go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali xorijiy davlatlarning bakalavr diplomini hamda Koreya Respublikasiga ishchi viza olib berishini aytib, buning evaziga 6 ming AQSH dollari va 3 million so‘m talab qilgani aniqlangan.
U mazkur mablag‘ning bir qismi sifatida 500 AQSH dollari va 3 million so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida S.E. yana 14 nafar fuqaroga Koreyaga ishchi viza olib berishni va’da qilib, ulardan jami 44 100 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, Andijondagi OTMga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 2 ming dollar talab qilgan mansabdor shaxs qo‘lga olingani haqida xabar edik.
