Ertadan nodavlat oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari boshlanadi

Ertadan nodavlat oliy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari boshlanadi

Ertaga, 1-iyun sanasidan boshlab Respublikadagi nodavlat oliy ta’lim muassasalariga abituriyentlarni qabul qilish boshlanadi va jarayonlar sentabr oyiga qadar davom etadi.

 

Hukumat qaroriga ko‘ra, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida qabul jarayonlari har yili iyun–sentabr oylarida amalga oshiriladi. Ertadan 2026/2027-o‘quv yili uchun qabul jarayonlari boshlanadi.

 

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tmagan ta’lim dasturlari bo‘yicha talabalar qabuliga yo‘l qo‘yilmaydi. Ya’ni, faqat akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha talabalarni o‘qishga qabul qilish mumkin.

 

Shuningdek, 2025-yil 1-avgustdan boshlab har bir nodavlat oliy ta’lim muassasasi uchun qabul parametrlarining eng yuqori ko‘rsatkichi belgilanadi. Qabul kvotasi universitetning moddiy-texnik bazasi, pedagogik salohiyati va o‘quv-dasturiy ta’minotidan kelib chiqqan holda tasdiqlanadi.

 

Shuningdek, qabul qilingan talabalar haqidagi ma’lumotlar har yili 1-oktyabrdan kechiktirmasdan HEMIS axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart.

 

Bundan tashqari, nodavlat OTMlarda talabalarning o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash, o‘qishdan chetlashtirish va bitiruvchilarni yakuniy attestatsiyadan o‘tkazish tartibi davlat oliy ta’lim muassasalari uchun belgilangan talablar asosida amalga oshiriladi.

 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, ‘‘Respublikada nodavlat ta’lim xizmatlarining sifatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida’’gi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yilgan edi.

 

Unga ko‘ra, nodavlat ta’lim tashkilotlari qabul jarayonini bir yilda ikki marotaba – 15-oktyabrgacha hamda 15-fevralgacha amalga oshirish taklif etilgan edi.