Kelasi yildan ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengashlar faoliyati samaradorligini baholash boʻyicha reyting tizimi joriy etiladi

Kelasi yildan ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengashlar faoliyati samaradorligini baholash boʻyicha reyting tizimi joriy etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 98-son Farmoniga muvofiq 2027-yildan ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengashlar faoliyati samaradorligini baholash boʻyicha reyting tizimi joriy qilinadi.

 

2026-yil 26-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan PF–98-sonli “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmon imzolandi.

 

Farmonga asosan, 2027-yil 1-yanvardan boshlab ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengashlar faoliyati samaradorligini baholash boʻyicha reyting tizimi joriy etiladi.

 

Bunda:

 

  • ilmiy kengashlar tomonidan maʼqullangan dissertatsiyalar tanlov asosida mustaqil, jumladan xorijiy mutaxassislarning ekspertizasidan oʻtkazilib, reyting natijalarida aks ettiriladi;
  • reyting Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan yagona avtomatlashtirilgan elektron axborot portalida reyting mezonlari va baholash natijalarini aks ettirgan holda internet tarmogʻi orqali barchaning tanishib chiqishi uchun ochiq holda yuritiladi.

 

Reyting natijalariga koʻra samaradorligi past boʻlgan ilmiy kengashlarga nisbatan Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan quyidagi choralar qoʻllanadi:

 

  •  ilmiy kengashning raisi va kotibini muayyan muddatga ilmiy kengashlar faoliyatidan chetlashtirish;
  •  ilmiy kengash faoliyatini tugatish;
  •  oliy taʼlim va ilmiy tashkilotda tegishli ixtisoslik boʻyicha ilmiy kengash tashkil etishni muayyan muddatga cheklash;
  •  Oliy attestatsiya komissiyasiga ilmiy kengashlar tomonidan maʼqullangan ilmiy ishlarni tanlov asosida tekshirish va asoslarni koʻrsatgan holda ularning qarorini bekor qilish vakolati beriladi.

 

Ilmiy kengashlar dissertatsiyalar ekspertizasining xolis va sifatli oʻtkazilishi, ilmiy ishlarda koʻchirmachilikni aniqlash hamda qabul qilgan qarorlarining asosliligiga masʼul etib belgilanadi.

 

Tadqiqot jarayonlariga tadbirkorlik subyektlarini jalb etish tartibi oʻrnatiladi. Unga koʻra, oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlarda ilmiy darajali kadrlarni sanoat hamkorlari bilan birgalikda tayyorlash boʻyicha quyidagilarni nazarda tutuvchi “Amaliy doktorantura (PhD)” dasturi amalga oshiriladi.

 

Bunda:

 

  • dissertatsiya mavzusi sanoat hamkorining talabidan kelib chiqib belgilanadi hamda doktorantga tadqiqot mavzusiga mos boʻlgan ilmiy va amaliy rahbarlar biriktiriladi;
  • “Amaliy doktorantura (PhD)” dasturiga izlanuvchi oliy taʼlim va ilmiy tashkilot tomonidan unga ajratilgan Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan tayanch doktorantura qabul kvotasini mustaqil qayta yoʻnaltirish orqali qabul qilinadi;
  • doktoranturaga kirish imtihonlarini oʻtkazish tartibi sanoat hamkori bilan kelishilgan holda oliy taʼlim va ilmiy tashkilot tomonidan belgilanadi;
  • tadqiqot loyihasi sanoat hamkori bilan hamkorlikda moliyalashtiriladi. Bunda oliy taʼlim va ilmiy tashkilotning majburiyatlari Davlat byudjetidan oliy taʼlimdan keyingi taʼlim uchun ajratilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi;
  • yuqori barqarorlik reytingiga ega tadbirkorlik subyektlarining foyda soligʻi bazasi ularning ilmiy loyihalarni sanoat hamkori sifatida moliyalashtirishga sarflagan mablagʻlarini 150 foiz miqdorda chegirgan holda aniqlanadi;
  • ilmiy-tadqiqot ishlari natijasida yaratilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) realizatsiyasidan olingan foyda ushbu realizatsiya boshlangan kundan boshlab uch yil davomida foyda soligʻidan ozod etiladi.

 

Avvalroq, Farmonga muvofiq 2027-yil 1-yanvardan ilmiy darajalar berishda ayrim tartiblar bekor qilinishi, “Loyiha doirasida ilmiy daraja” dasturi yoʻlga qoʻyilishi hamda Oliy attestatsiya komissiyasi Oliy taʼlim vazirligi huzuridan Fanlar akademiyasi tizimiga oʻtkazilishi haqida xabar berilgandi.