Prezidentning 98-son Farmoniga ko‘ra, Oliy attestatsiya komissiyasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridan Fanlar akademiyasi tizimiga oʻtkaziladi.
2026-yil 26-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan PF–98-sonli “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmon imzolandi.
Farmonga ko‘ra, Oliy attestatsiya komissiyasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridan Fanlar akademiyasi tizimiga oʻtkaziladi.
Endilikda:
- Oliy attestatsiya komissiyasi oliy malakali ilmiy kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi, ilmiy kengashlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi va mazkur sohada davlat xizmatlarini koʻrsatuvchi vakolatli organ hisoblanadi;
- Oliy attestatsiya komissiyasi ilmiy daraja va unvonlarga qoʻyiladigan malaka talablarining xalqaro standartlarga muvofiqligini taʼminlaydi;
- Oliy attestatsiya komissiyasi Fanlar akademiyasiga faqat tashkiliy-boshqaruv jihatidan boʻysunadi, oʻziga yuklangan vazifalarni kollegiallik asosida Fanlar akademiyasidan toʻliq mustaqil holda amalga oshiradi;
- Oliy attestatsiya komissiyasining tuzilmasi Fanlar akademiyasi tomonidan tasdiqlanadi;
- Oliy attestatsiya komissiyasi raisi Fanlar akademiyasi prezidenti tavsiyasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga belgilangan tartibda tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.
Bunda:
- Oliy attestatsiya komissiyasi raisi 5 yil muddatga tayinlanadi;
- ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq raislik lavozimiga tayinlanishi mumkin emas;
Oliy attestatsiya komissiyasi Rayosati tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi, bunda har 2 yilda Rayosat aʼzolarining uchdan bir qismi va 6 yilda Rayosat tarkibi toʻliq yangilanadi, Rayosatga rahbarlik qiluvchi Oliy attestatsiya komissiyasi raisi bundan mustasno;
Oliy attestatsiya komissiyasi raisi maqomi, mehnatga haq toʻlash, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish shart-sharoitlariga koʻra Fanlar akademiyasi vitse-prezidentiga tenglashtiriladi;
Oliy attestatsiya komissiyasi xodimlari mehnatiga haq toʻlash miqdorlari va moddiy ragʻbatlantirish shartlari boʻyicha Fanlar akademiyasi boshqaruv apparati xodimlariga tenglashtiriladi.
2026-yil 1-avgustga qadar barcha dissertatsiya himoyasi jarayonlari, jumladan, ilmiy ish va avtoreferatni taqdim etish, retsenzent va opponentlar fikrlarini yuborish, himoya jarayonlarini rejalashtirish va ilmiy ishni baholash jarayonlari yagona onlayn tizim orqali amalga oshirilishi taʼminlanadi.
Avvalroq, 2027-yil 1-yanvardan ilmiy darajalar berishda ayrim tartiblar bekor qilinishi haqida xabar berilgandi.
