2027-yil yanvardan ilmiy darajalar berishda ayrim tartiblar bekor qilinadi

2027-yil yanvardan ilmiy darajalar berishda ayrim tartiblar bekor qilinadi

Prezidentning 98-son Farmoniga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan ilmiy darajalar berishda ayrim tartiblar bekor qilinadi.

 

2026-yil 26-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan PF–98-sonli “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmon imzolandi.

 

Farmonga muvofiq ilmiy darajalar berishda 2027-yil 1-yanvardan boshlab quyidagi tartiblar bekor qilinadi:

 

  • chet tili fanidan malakaviy imtihon topshirish, mustaqil izlanuvchilar bundan mustasno;
  • Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan dissertatsiya mavzularini roʻyxatdan oʻtkazish va dissertatsiya himoyasi toʻgʻrisida eʼlon berish;
  • dissertatsiyani yetakchi tashkilotda muhokamadan oʻtkazish;
  • ijtimoiy-gumanitar fanlar sohalari boʻyicha fan doktori (DSc) ilmiy darajasi uchun tayyorlangan dissertatsiya natijalari yuzasidan monografiya eʼlon qilish;
  • dissertatsiya avtoreferatini chop etish;
  • dissertatsiya ilmiy natijasi amaliyotga joriy etilganligi toʻgʻrisida xulosa olish;
  • Oliy attestatsiya komissiyasining fan tarmoqlari boʻyicha ekspert kengashi tomonidan dissertatsiyani ilmiy ekspertizadan oʻtkazish;
  • himoya qilingan dissertatsiya boʻyicha ilmiy kengash qarorini Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tasdiqlash;
  • taʼlim va ilmiy-tadqiqot faoliyati uchun jalb qilingan chet ellik fuqaroning xorijda olgan ilmiy darajasi toʻgʻrisidagi hujjatlarini nostrifikatsiya qilish.

 

Bunda ilmiy daraja toʻgʻrisidagi hujjat uning Oʻzbekistondagi faoliyati davomida toʻgʻridan-toʻgʻri tan olinadi.

 

2027-yil 1-yanvarga qadar Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan dissertatsiya himoyasi toʻgʻrisida eʼlon berilgan va dissertatsiya himoyasini oʻtkazgan izlanuvchilarga ilmiy darajalar mazkur Farmon kuchga kirgunga qadar amalda boʻlgan tartibga muvofiq beriladi.

 

Avvalroq, mazkur Farmonga asosan “Loyiha doirasida ilmiy daraja” dasturi yoʻlga qoʻyilishi haqida xabar berilgandi.