Matematika A+: Samarqandda yana bir bitiruvchi muddatidan oldin 189 ballni naqd qildi

Matematika A+: Samarqandda yana bir bitiruvchi muddatidan oldin 189 ballni naqd qildi

Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani 34-maktabning 11-“B” sinf o‘quvchisi Hikmatova Mavjuda Husan qizi bugun ko‘pchilik havas qiladigan natijaga erishdi. U kirish imtihonlaridagi asosiy va majburiy fanlaridan sertifikatlar olib, muddatidan avval talabalikni naqd qildi.

 

Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumani 34-maktabning 11-“B” sinf o‘quvchisi Xikmatova Mavjuda Xusan qizi matematika fanidan A+, o‘zbek tili va adabiyot fanidan A, tarix fanidan B darajali milliy sertifikatlar hamda CEFR B2 sertifikatini qo‘lga kiritib, muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

 

Bugun Mavjudaning eng katta maqsadi — Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tahsil olish.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatga tayyorgarlik jarayoni va rejalari haqida suhbatlashdi.

 

“9-sinfda birinchi marta sertifikat haqida jiddiy o‘ylaganman”

 

Mavjuda sertifikat olish yo‘lidagi ilk qadamlarini eslar ekan, bu yo‘l birdaniga boshlanmaganini aytadi. Avvaliga ingliz tilidan sertifikat olishni maqsad qilgan o‘quvchi keyinchalik boshqa fanlardan ham yuqori natijalarni qo‘lga kirita boshlagan.

 

“9-sinf vaqtimda birinchi bo‘lib ingliz tili fanidan sertifikatga tayyorlanish rejasi paydo bo‘ldi. Keyingi 3 yil davomida esa 4 ta sertifikatga ega bo‘ldim. Bu davr mobaynida qiyinchiliklar kam bo‘lmadi, lekin qo‘ldan kelgancha harakat qilib barchasiga erishdim”, — deydi u.

 

“Eng qisqa tayyorgarlik 2 oy, eng uzog‘i esa 10 oy davom etdi”

 

Har bir fan uchun alohida tayyorgarlik, alohida reja va mehnat talab qilingan. Ba’zi sertifikatlarga qisqa muddatda tayyorlangan bo‘lsa, ayrimlari uchun deyarli bir yil vaqt sarflagan.

 

Eng qisqa tayyorgarlik 2 oydan boshlanib, eng uzog‘i 10 oygacha davom etdi, — deydi Mavjuda.

 

Uning aytishicha, barcha fanlardan repetitor yordamida tahsil olgan. Lekin natijaga olib kelgan asosiy omil — darsdan tashqari mustaqil ishlash bo‘lgan.

 

“Takrorlash menga eng katta yordam bergan usul bo‘ldi”

 

Mavjuda tayyorgarlik jarayonida murakkab metodlardan emas, oddiy, lekin samarali usuldan foydalangan — muntazam takrorlash.

 

O‘rganilgan bilimlarni takrorlash menga eng ko‘p yordam bergan usul bo‘ldi. Shu orqali ko‘plab ma’lumotlarni xotiramda saqlab qolish oson bo‘ldi.

 

Bugungi yoshlarning aksariyati vaqtining katta qismini telefon bilan o‘tkazadigan bir paytda Mavjuda tayyorgarlik davrida ijtimoiy tarmoqlardan deyarli voz kechgan.

 

Sertifikatga tayyorlanish davrida telefondan foydalanmadim, faqat qog‘oz variantda o‘qidim, — deydi u.

 

“Kechqurun sertifikat uchun shug‘ullanardim”

 

Maktab darslari va sertifikat tayyorgarligini bir vaqtda olib borish oson bo‘lmagan. Ayniqsa, doimiy rejim va intizom bu jarayonda katta ahamiyat kasb etgan.

 

Maktab darsliklarini odatda darsdan kelgach tayyorlab, sertifikat bilan kechki payt shug‘ullanardim.

 

U o‘zining kun tartibini qat’iy nazorat qilganini ham ta’kidlaydi.

 

Men o‘zim uchun doimiy rejim yaratganman. Doim bir vaqtda uxlash, bir vaqtda uyg‘onishga odatlanganman, — deydi u.

 

“Eplolmasamchi degan xayollar juda ko‘p bo‘lgan”

 

Har qanday muvaffaqiyat ortida insonning ichki kurashi ham yashirinadi. Mavjuda ham tayyorgarlik davomida o‘ziga ishonmay qolgan paytlari bo‘lganini yashirmaydi.

 

Tushkunlikka tushish holatlari bo‘ldi. ‘Eplolmasamchi?’ degan xayollar juda ko‘p edi. Ortimdan menga ishonib turgan qancha odamlarning ishonchini oqlashim kerak degan fikr menga kuch berardi.

 

Ba’zan insonni natijadan ko‘ra, unga ishonayotgan insonlar oldidagi mas’uliyat kuchliroq harakatlantiradi.

 

“Savollar murakkab bo‘lishini oldindan bilardim”

 

Imtihon jarayonlari haqida gapirar ekan, Mavjuda sertifikat imtihonlarining murakkabligi uni cho‘chitmaganini aytadi.

 

Savollar men kutgandek edi. Chunki bilardimki, sertifikat savollari anchagina murakkab bo‘ladi, — deydi u.

 

Uning fikricha, imtihonda bilim bilan bir qatorda strategiya ham muhim.

 

Ma’lumotga ega bo‘lmagan savolga ko‘p vaqt sarflamaslik kerak. Iloji boricha biladigan savollarga adashmasdan javob berish kerak.

 

“Asosiy e’tibor o‘qishda bo‘lishi kerak”

 

Bugun Mavjuda o‘z tajribasidan kelib chiqib, boshqa o‘quvchilarga ham maslahat beradi.

 

Boshqa narsalarga chalg‘imasdan, asosiy e’tiborni o‘qishga qaratib, harakatdan to‘xtamaslik kerak.

 

Shuningdek, u maktablarda ham o‘quvchilarning qiziqishlari bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish kerak deb hisoblaydi.

 

O‘quvchilarning o‘zi qiziqqan yo‘nalishi bo‘yicha ko‘proq o‘rganishiga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratib berilishi kerak deb o‘ylayman, — deydi Mavjuda.

 

Bugun Mavjuda faqat o‘zi o‘qibgina qolmay, boshqa o‘quvchilarga ham bilim ulashmoqda.

 

Ayni paytda shu vaqtgacha olgan bilimlarimni mustahkamlash va oshirish maqsadida yosh o‘quvchilarga kurs ochib dars bermoqdaman, — deydi u.

 

Mavjudani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, Qashqadaryo viloyati Koʻkdala tumani 45-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Normamatova E’zoza bir nechta fandan milliy sertifikat olib, muddatidan oldin 189 ballni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.