Vazirlik 1-sinfdagi barcha darsliklarni jamlab, ularning og’irligi bo’yicha qilingan videoga munosabat bildirdi

Vazirlik 1-sinfdagi barcha darsliklarni jamlab, ularning og’irligi bo’yicha qilingan videoga munosabat bildirdi

1-sinf o‘quvchilarining darsliklari og‘irligi yuzasidan bildirilgan e’tirozlarga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan rasmiy munosabat bildirildi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda 1-sinf o‘quvchilarining maktab darsliklari og‘irligi yuzasidan e’tirozlar bildirilgan video tarqaldi. Videomurojaatda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining yuklamasi, darsliklar soni va ularning murakkabligi tanqid qilingan.

 

Murojaatda 1-sinf o‘quvchilari uchun darsliklar soni ko‘pligi, ayrim fanlarda murakkab mavzular berilgani hamda uyga vazifalar o‘rtasida nomuvofiqlik borligi haqida fikrlar bildirilgan.

 

Shuningdek, o‘quvchilarning har kuni maktabga ko‘p miqdorda kitob olib borishi ularning jismoniy holatiga ta’sir qilishi mumkinligi ta’kidlangan.

 

Mazkur holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi O‘quv jarayonini metodik jihatdan ta’minlash va darsliklar boshqarmasi boshlig‘i Qahramon Almardonov tomonidan rasmiy munosabat bildirildi.

 

Unga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda darsliklarning barchasi bir vaqtda, har kuni o‘quvchilar tomonidan olib boriladi degan noto‘g‘ri talqin berilgan.

 

Ta’kidlanishicha, 1-sinf o‘quvchilari uchun darsliklar choraklar va yarim yilliklarga bo‘lingan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, har bir davrda alohida kitoblardan foydalaniladi.

 

Masalan, alifbe darsligi birinchi yarim yillikda, keyingi davrda esa o‘qish savodxonligi fani o‘tiladi. Ona tili va yozuv fanlari ham bosqichma-bosqich tarzda tashkil etilgan.

 

Matematika fani esa 4 qismdan iborat bo‘lib, har chorakda alohida darsliklardan foydalaniladi. Shuningdek, tabiiy fanlar va ingliz tili darsliklari ham yarim yillik asosida ajratilgan.

 

Qahramon Almardonovning ma’lum qilishicha, darsliklar og‘irligi kunlar kesimida o‘lchanganida taxminan 800 grammdan 1,3 kilogrammgacha ekanligi qayd etildi.

 

‘‘Ota-onalar va sinf rahbarlaridan o‘quvchilarning faqat o‘sha kun uchun belgilangan darsliklarini olib kelishini nazorat qilishingizni so‘rab qolamiz’’, — deydi Qahramon Almardonov.

 

Mavzuga doir: Oʻquvchilar ijaraga berilgan darsliklarni yoʻqotib qoʻysa, yetkazilgan zarar qanday qoplanadi?