Maktablarda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari 25-may kuni 8:00–9:00 oralig‘ida o‘tkaziladi

Maktablarda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari 25-may kuni 8:00–9:00 oralig‘ida o‘tkaziladi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan 2025–2026-o‘quv yili yakuni munosabati bilan “Yuksak ma’rifatli avlod — Uchinchi Renessans poydevori!” shiori ostida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlarini tashkil etish belgilandi.

 

Bu haqida 2026-yil 18-may kuni Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining «Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida 2025-2026-oʻquv yilini yakunlash va «Yuksak maʼrifatli avlod — Uchinchi Renessans poydevori» shiori ostida «Soʻnggi qoʻngʻiroq» tadbirlarini tashkil etish toʻgʻrisida»gi  xati imzolangan.

 

Vazirlik tavsiyasiga ko‘ra, tadbirlarni o‘tkazishda o‘quvchilarga yaratilayotgan sharoitlar va ularning erishayotgan yutuqlarini bitiruvchilarga sodda va tushunarli tarzda yetkazish, namunali xulq va a’lo baholarga o‘qigan o‘quvchilarni rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

 

Shuningdek, o‘quvchilarning ota-onalari “Eng faol ota”, “Jonkuyar ona”, “Mas’uliyatli ota-ona” kabi nominatsiyalar hamda “Minnatdorchilik xat”lari bilan taqdirlanadi.

 

Tadbirlarni xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda maktab hovlisidagi soya-salqin va ochiq maydonlarda tashkil etish, o‘quvchilar tomonidan avtotransport vositalarini boshqarish holatlarining oldini olish vazifalari topshirilgan.

 

Ma’lum qilinishicha, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirlari joriy yilning 25-may kuni ertalab soat 8:00 dan 9:00 gacha o‘tkaziladi.

 

Bundan tashqari, 25–30-may kunlari barcha hududlarda “Xayr bog‘cha — salom maktab!” shiori ostida maktabgacha ta’lim tashkilotlari bitiruvchilari uchun bayram tadbirlari tashkil etiladi.