Muhokamalar portaliga “Toshkent shahrida YUNESKO shafeligida ‘‘Maktabgacha taʼlimni rivojlantirish mintaqaviy markazi” (II-toifali institut)ni tashkil qilish toʻgʻrisida’’gi qaror loyihasi joylashtirildi.
Loyihaga koʻra, Toshkent shahridagi Maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti huzurida YUNESKO shafeligida “Maktabgacha taʼlimni rivojlantirish mintaqaviy markazi” tashkil etiladi.
Mazkur markazning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- maktabgacha taʼlim sohasidagi mintaqaviy va xalqaro hamkorligini rivojlantirish;
- kichik yoshdagi bolalar uchun sifatli taʼlim berish muammolarini global darajada samarali hal etish;
- YUNESKOga aʼzo mamlakatlarga taʼlim dasturlari va usullari bilan bogʻliq qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish uchun texnik yordam va maslahat xizmatlarini koʻrsatish;
- bolalarni erta rivojlantirishga qaratilgan ilmiy asoslangan taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish;
- bolalarning rivojlanish darajasini baholash uchun maxsus diagnostik instrumentlar ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
- maktabgacha taʼlim sohasida eng samarali metodikalar va oʻquv materiallari bankini shakllantirish;
- erta yoshni rivojlantirish boʻyicha tadqiqot va ishlanmalar (R&D)ni amalga oshirish;
- sohada istiqbolda yuzaga keladigan oʻzgarish va muammolarni oldindan baholash hamda tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqish;
- Toshkent deklaratsiyasining tamoyillari va strategiyalari yuzasidan sifatli monitoringini taʼminlash hamda hisobot berish;
- pedagog kadrlarni qayta tayyorlashda yangi yondashuvlar boʻyicha takliflarni ishlab chiqish, xalqaro trening, seminar va konferensiyalarni tashkil etish.
Loyihada markaz huzurida “ECD-Lab” (“Early childhood development laboratory”) laboratoriyasini tashkil etish ham nazarda tutilgan. Mazkur laboratoriyada kichik yoshdagi bolalarni rivojlantirishga oid ilmiy va amaliy tadqiqotlar olib boriladi.
Bundan tashqari, pedagoglar va mutaxassislar uchun xalqaro akkreditatsiyaga ega tayyorlov va qayta tayyorlash kurslarini yoʻlga qoʻyish, shuningdek, inklyuziv taʼlimga muhtoj bolalar uchun maxsus dasturlar va oʻquv materiallarini ishlab chiqish hamda mutaxassislar tayyorlash tizimi joriy etiladi.
Markaz Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida, Yusuf Xos Hojib koʻchasidagi 64-uyda joylashgan bino negizida, tekin foydalanish huquqi asosida faoliyat yuritishi rejalashtirilgan.
Ushbu markazning boshqaruv tarkibi 24 ta shtat birligidan iborat boʻlib, u Vazirlik tizimidagi umumiy shtat birliklari doirasida shakllantiriladi.
Avvalroq, respublika reytingida yuqori oʻrinlarni egallagan taʼlim muassasalari pedagoglariga Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish uchun avia va temiryoʻl chiptalariga 15 foizlik chegirma berilishi haqida xabar bergan edik.
