Attestatsiya sinovidan ozod etilgan o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlarining 102 nafar o‘qituvchi ro‘yxati e’lon qilindi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Xabaringiz bor, Kasbiy ta’lim tashkilotlari va akademik litseylarning pedagoglari uchun attestatsiya 26-may kuni test shaklida bo‘lib o‘tadi.
Mazkur navbatdagi majburiy attestatsiya jarayonida o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan ayrim pedagoglarga belgilangan tartibda imtiyozlar qo‘llaniladi.
Amaldagi tartibga muvofiq, kamida C1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega chet tili o‘qituvchilari, shuningdek, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan berilgan umumta’lim fani bo‘yicha kamida B+ (yoki avvalgi tizimda 80 ball va undan yuqori) darajadagi sertifikatga ega pedagoglar attestatsiyada o‘z fanidan maksimal — 80 ball bilan baholanadi hamda malaka sinovidan ozod etiladi.
Mazkur tartib asosida imtiyoz qo‘llaniladigan 102 nafar o‘qituvchi ro‘yxati e’lon qilindi.
Ro‘yxat bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin: Ro‘yxat
Ma’lumot uchun, Kasbiy ta’lim tashkilotlari hamda akademik litseylarning pedagoglarini attestatsiyadan o‘tkazish uchun test sinovlari topshiriqlarining spetsifikatsiyalari tasdiqlangan edi.
