Toshkent viloyatida mototsikl haydovchisi piyodani urib yuborgan, natijada 15 yoshli maktab oʻquvchisining oyogʻi pastki qismidan uzilib ketgan. Hodisa yuzasidan Olmaliq shahar IIB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Toshkent viloyatida mototsikl haydovchisi piyodani urib yuborgan. Natijada 15 yoshli maktab oʻquvchisining oyogʻining pastki qismi uzilib ketgan. Bu haqda “Millar” dasturi xabar berdi.
Voqea 14-may kuni Olmaliq shahrida yuz bergan. Piyoda qiz yoʻlning belgilanmagan qismidan kesib oʻtayotganida ushbu hodisa sodir boʻlgan.
Olmaliq shahar shifoxonasining maʼlum qilishicha, piyoda ogʻir holatda shifoxonaga olib borilgan. Jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgan, qizga qon quyilib, uning hayoti saqlab qolingan. Ammo biroz kechroq shifoxonaga olib borilgani sababli uning oyogʻini ulashning imkoni boʻlmagan.
Toshkent viloyat IIB YHXB maʼlum qilishicha, 2026-yil 14-may kuni soat taxminan 23:00 larda Olmaliq shahri Amir Temur koʻchasida haydovchi 2003-yilda tugʻilgan fuqaro oʻziga tegishli boʻlgan mototsiklni boshqarib ketayotgan vaqtida yoʻlning piyodalar uchun belgilanmagan qismidan kesib oʻtayotgan 2011-yilda tugʻilgan piyodani urib yuborib, yoʻl-transport hodisasini sodir etgan.
“Hodisa natijasida piyoda turli xil tan jarohatlari olgan va kasalxonaga yotqizilgan. Hozirda holat yuzasidan Olmaliq shahar IIB tomonidan surushtiruv harakatlari olib borilmoqda” — deyiladi xabarda.
Avvalroq, Qashqadaryoda 14 yoshli bola avtohalokat sodir etib, ikki doʻstining oʻlimiga sababchi boʻlgani haqida xabar bergan edik.
