Prezidentining Farmoniga muvofiq xalqaro va milliy sertifikatga ega pedagog xodimlarga, har oylik qoʻshimcha ustama haq toʻlanishi belgilangan. Bu ustama sertifikatga ega boʻlgan barcha oʻqituvchilarga, shu jumladan asosiy va oʻrindosh xodimlarga ham toʻlanadi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi tizimidagi umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida Xalqaro va milliy sertifikatga ega pedagog xodimlarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi PF-134-son Farmoniga muvofiq xorijiy til (ingliz, fransuz, nemis, ispan, italyan, arab, xitoy, yapon, koreys, turk, fors, pushtu, dari, urdu, hind), rus tili, matematika, informatika, geografiya, fizika, biologiya, kimyo, tarix hamda ona tili va adabiyot fanidan sertifikati mavjud oʻqituvchilarga 20/50 foiz miqdorida har oylik qoʻshimcha ustama haq toʻlanishi belgilangan.
Farmon ijrosini taʼminlash maqsadida Adliya vazirligidan 3515-son bilan roʻyxatdan oʻtgan qaror bilan “Xorijiy tillar va umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxati” tasdiqlangan.
Mazkur 3515-son qarorning 3-ilovasi 8-bandida umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim tizimida faoliyat yuritayotgan oʻqituvchilarga (shu jumladan, soatbay, oʻrindosh, stajor oʻqituvchi, direktor va direktor oʻrinbosarlari) oʻzi dars beradigan fani boʻyicha sertifikatga ega pedagog xodimlarga har oylik qoʻshimcha ustama toʻlash nazarda tutilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, xalqaro va milliy sertifikati mavjud pedagog xodimlarga bir vaqtning oʻzida asosiy hamda oʻrindosh boʻlib ishlaydigan ish joyidan ham ustama haq toʻlanadi.
Avvalroq, har yili 1-iyulga qadar maktab xodimlari uchun ustama miqdori belgilanishi haqida xabar bergan edik.
