Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi o‘quv markazi o‘qituvchisi 7 nafar shaxsga, jumladan 3 nafar voyaga yetmaganga noqonuniy diniy ta’lim berib kelgani aniqlandi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 229²-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Rishton tumani ichki ishlar bo‘limi hamda davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida noqonuniy diniy ta’lim berish holati aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, 1990-yilda tug‘ilgan fuqaro tumandagi o‘quv markazlaridan birida arab tili o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritib kelgan.
Biroq u mazkur o‘quv markazida tahsil olayotgan 7 nafar shaxsga, jumladan 3 nafar voyaga yetmaganlarga oylik to‘lov evaziga diniy adabiyotlar asosida noqonuniy tarzda saboq berib kelgan.
Mazkur holat yuzasidan ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 229²-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Shuningdek, noqonuniy diniy ta’lim olgan voyaga yetmaganlarning ota-onalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi 1-qismi asosida tegishli choralar ko‘rilgan.
Avvalroq, Toshkent shahrining bir nechta manzillarida noqonuniy diniy ta’lim berish holatlari aniqlangan edi.
