Farg‘ona viloyati Rishton tumani 19-maktabining 11-sinf o‘quvchisi Sharofiddinov Bunyodbek Kamoliddin o‘g‘li o‘zi o‘qimoqchi bo‘lgan sohasi doirasidagi fanlardan milliy sertifikatlarni to‘pladi.
U matematikadan A+, fizikadan A va o‘zbek tili hamda adabiyot va tarix fanlaridan C+ darajali sertifikatlarni qo‘lga kiritgan.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatlarga tayyorgarlik jarayoni, qiyinchiliklari va keyingi rejalari haqida suhbatlashdi.
Tayyorgarlik jarayonidagi asosiy motivatsiya: kelajakdagi maqsad
Bunyodbek o‘zining eng katta maqsadi sifatida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Axborot xavfsizligi yo‘nalishiga hujjat topshirishni rejalashtirganini ta’kidladi.
“Zamonaviy texnologiyalar rivojlanayotgan bugungi davrda axborot xavfsizligi muhim ahamiyat kasb etayotgani va aynan shu sohada yetuk mutaxassis bo‘lish istagim meni bu yo‘nalishni tanlashga undadi”, — deydi u.
Uning aytishicha, sertifikat olish g‘oyasi 10-sinfda paydo bo‘lgan va o‘sha vaqtdan boshlab aniq maqsad bilan izchil tayyorgarlik ko‘ra boshlagan.
“Boshlang‘ich sinflardan shakllangan mustahkam bilimlarim tufayli katta qiyinchiliklarga duch kelmadim”.
Matematika va fizika bo‘yicha individual yondashuv
Matematika fanidan, yoshligidan muntazam shug‘ullangan o‘quvchi, aynan sertifikat imtihoniga yo‘naltirilgan tayyorgarlik uchun 4 oy vaqt sarflaganini bildirdi.
“Maktabdagi boshlang‘ich bilimlarim mustahkam bo‘lganligi sababli, sertifikat imtihonlariga tayyorlanishda katta qiyinchiliklarga duch kelmadim.
Matematika fanidan yoshligimdan muntazam shug‘ullanib kelganim bois, aynan sertifikat imtihoniga yo‘naltirilgan tayyorgarlik uchun taxminan 4 oy vaqt sarfladim”, — deydi u.
O‘quvchining aytishicha, matematika fanidan tayyorgarlik jarayonida ustozi Atanazarov Sardorbek tomonidan tayyorlangan qo‘llanmalar hamda IDC kitoblari bilimlarini yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etgan.
Fizika fanini esa u deyarli boshlang‘ich darajadan boshlagan.
“Fizika fanini esa deyarli boshlang‘ich darajadan boshlab, 6 oy davomida intensiv tayyorgarlik orqali yuqori darajadagi sertifikatni qo‘lga kiritdim. Fizika faniga tayyorgarlikda ustozim Shohruh Niyozovning shaxsiy kitoblari va o‘ziga xos o‘qitish metodikasi qisqa vaqt ichida yuqori natijalarga erishishimda katta yordam berdi», — deydi Bunyodbek.
Mustaqil tayyorgarlik va motivatsiya
Bunyodbek, majburiy fanlar bo‘lgan ona tili va tarixni mustaqil ravishda, repetitorsiz o‘qib tayyorlangan.
“Majburiy fanlar — ona tili va tarixdan esa mustaqil ravishda, repetitorsiz 1 oy davomida tayyorgarlik olib bordim. Mustaqil o‘qish jarayonida maktab darsliklari bilan bir qatorda qo‘shimcha adabiyotlardan ham samarali foydalandim”, — deydi u.
Tayyorgarlik jarayonida eng samarali usuli — muntazamlik va aniq reja asosida ishlash bo‘lganini ta’kidladi.
“Har kuni belgilangan vaqt davomida dars qilib, asosan murakkab test va masalalar yechishga e’tibor qaratdim. Shuningdek, mavzularni doimiy takrorlab borishga alohida ahamiyat berdim. Bu usul bilimlarimni mustahkamlashda katta yordam berdi.
Eng muhimi, xatolar ustida ishlash odatini shakllantirdim — bu esa keyingi natijalarimni sezilarli darajada yaxshiladi. Vaqtni to‘g‘ri taqsimlash ham muvaffaqiyatimning muhim omillaridan biri bo‘ldi”, — deydi o‘quvchi.
Vaqt taqsimoti
O‘quvchining ta’kidlashiga ko‘ra, tayyorgarlik jarayoni, albatta, oson kechmagan, imtihon savollari ham kutilganidan qiyin bo‘lgan.
“Imtihon savollari kutilganidan qiyin bo‘ldi. Shunga qaramay, kuchli tayyorgarlik ko‘rganim sababli ularni bajarishda unchalik qiynalmadim”.
Maktab darslari va sertifikatga tayyorgarlik davrida beriladigan vazifalar esa alohida mavzu.
“Maktab darslari va sertifikatga tayyorgarlik uchun alohida vaqt ajratish men uchun katta muammolardan biri edi. Kun tartibimni to‘g‘ri rejalashtirish esa bu muammoni hal qilishda eng samarali yechim bo‘ldi. Maktabda direktorim Azamatjon Hakimov va ustozlarimning yordami tufayli barcha ishlarim uchun yetarli vaqt ajratishga muvaffaq bo‘ldim”.
Psixologik tayyorgarlik va muammolarni yengish
Shu bilan birga, uyqu masalasi ham u uchun tayyorgarlik jarayonidagi eng katta muammolardan biri bo‘lgan.
“Bu davrda soat 22:00 dan erta uxlab, ertalab 5:00 dan kech uyg‘ongan kunlarim deyarli bo‘lmadi. Aksariyat hollarda, tun bo‘yi dars qilardim va ertalab erta turib yana darsga otlanardim. Uyqusiz tunlar sabab kunduzi charchoqni his qilardim. Shunga qaramay, maqsadimga erishish uchun bu qiyinchiliklarga bardosh berdim”.
Bunyodbek, shuningdek, ko‘plab stress va qiyinchiliklarga duch kelganini ta’kidladi.
“Ba’zida tengdoshlarimning natijalarini ko‘rib, o‘zimga nisbatan shubha paydo bo‘lardi. Biroq, ota-onam va ustozim Atanazarov Sardorbekning qo‘llab-quvvatlashi menga katta motivatsiya berdi”, — deydi u.
Uning fikricha, ishonch va ruhiy barqarorlik yaxshi natijaga erishishda katta rol o‘ynaydi.
“Xatolardan xulosa chiqarish juda muhim..”
Bo‘lg‘usi talabaning so‘ziga ko‘ra, testda yuqori ball olish uchun xatolardan xulosa chiqarish juda muhim.
“Testda yuqori ball olish uchun xatolardan xulosa chiqarish juda muhim, deb hisoblayman. Tayyorgarlik jarayonida avvalgi imtihonlarda tushgan namunaviy testlarni muntazam yechib bordim va har bir xatoyim ustida alohida ishladim. Shu orqali xatolarimni kamaytirib, tez va aniq ishlash ko‘nikmasini shakllantirdim. Bu usul men uchun juda samarali bo‘ldi”.
Dastlab tayyorgarlik davomida telefonni ko‘p ishlatganini tan oldi, ammo diqqatini chalg‘itishini sezganidan so‘ng, telefondan voz kechib, o‘qish uchun noutbukdan foydalanishni boshlaganini aytdi.
“Tayyorgarlik davomida Instagram va TikTok kabi ijtimoiy tarmoqlardan umuman foydalanmadim. Faqat Telegram va ba’zida YouTube’dan o‘quv maqsadida foydalandim. Umuman olganda, telefonni to‘g‘ri nazorat qilish yuqori natijaga erishishda muhim omil deb hisoblayman”, — deydi Bunyodbek.
“Bugungi qilgan mehnatingiz ertangi natijangizni belgilaydi..”
O‘z tajribasidan kelib chiqib, Bunyodbek muvaffaqiyat ortida intizom, sabr va doimiy mehnat ortidan kelishini ta’kidlaydi.
“Muvaffaqiyat tasodifan kelmaydi — u intizom, sabr va doimiy mehnat natijasidir. Ayniqsa, o‘qish davrida barcha chalg‘ituvchi omillardan voz kechib, maqsad sari qat’iy harakat qilish kerak. Har kuni kichik bo‘lsa ham oldinga qadam tashlash, vaqtni qadrlash va o‘ziga ishonish eng muhim omillardan hisoblanadi. Unutmang, bugungi qilgan mehnatingiz ertangi natijangizni belgilaydi”, — deydi u.
“O‘quvchilarning individual salohiyatiga ko‘proq e’tibor qaratish zarur”
O‘quvchining fikricha, o‘quvchilarning yuqori natijasida nafaqat o‘zi balki o‘qituvchilari tomonidan keladigan motivatsiya ham sabab bo‘ladi.
“Mening fikrimcha, maktablarda o‘quvchilarning individual qiziqish va salohiyatiga ko‘proq e’tibor qaratish zarur. Shuningdek, dars jarayonlarida amaliy mashg‘ulotlar va testlarga yo‘naltirilgan tayyorgarlikni kuchaytirish muhim. Ustozlar tomonidan doimiy motivatsiya va yo‘nalish berilishi ham katta rol o‘ynaydi. Shu bilan birga, o‘quvchilar uchun qulay muhit yaratish va ularni o‘z ustida ishlashga undash orqali yuqori natijalarga erishayotganlar sonini oshirish mumkin”.
Kelajakda rivojlanish va maqsadlar
Bunyodbek o‘zining matematikadan va fizika fanidan sertifikatga ega bo‘lishi bilan cheklanib qolmay, bilimlarini yanada chuqurlashtirishni maqsad qilgan.
“Ayni paytda o‘zim ustimda ishlashni davom ettirib, bilimlarimni yanada oshirishga e’tibor qaratyapman. Asosiy fanlarim bo‘lgan matematika va fizika bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lsam-da, bu bilan cheklanib qolmasdan, bilimlarimni yanada chuqurlashtirishni maqsad qilganman. Shu bilan birga, ingliz tili va IT yo‘nalishlarini ham izchil o‘zlashtirib boryapman. Hozirda ustozim bilan birgalikda o‘z muallifligimiz asosida o‘quv qo‘llanmalarini tayyorlash ustida ishlayapmiz. Qisqasi, doimiy rivojlanish yo‘lida harakatdaman”, — deydi u suhbat yakunida.
Bunyodbekni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumanidagi 34-sonli umumiy o’rta ta’lim maktabi o‘quvchisi muddatidan oldin 189 ballni naqd qilgani haqida xabar berilgandi.
