“Kuni bilan ishlab, kechki payt 2-3 soat dars qilardim” : surxondaryolik abituriyent maksimal 189 ballni qoʻlga kiritdi

“Kuni bilan ishlab, kechki payt 2-3 soat dars qilardim” : surxondaryolik abituriyent maksimal 189 ballni qoʻlga kiritdi

Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumanidagi 34-sonli umumiy o’rta ta’lim maktabi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti «International business» 1-sonli akademik litseyning bitiruvchisi Abdushukurov Turdiqul tegishli 4 ta fandan milliy sertifikat olib, maksimal 189 ballni qoʻlga kiritdi.

 

Turdiqulning soʻzlariga koʻra, uning matematika faniga qiziqishiga onasi sababchi. Onasi matematikadan kuchli bilimga ega boʻlib, yoshligidan farzandini ilmga toʻgʻri yoʻnaltira olgan.

 

Abituriyentning soʻzlariga koʻra, litseyda ikkinchi kurs paytida ingliz tili va matematika fanlaridan sertifikatlarni qoʻlga kiritgan. Oʻtgan oʻquv yilida oʻqishga topshirib, oʻqishga kirgan. Ammo oʻzi xohlagan oliygohga kirolmagani, shuningdek, kontrakt asosida qabul qilingani uchun, oʻqishni tashlab ketgan.

 

Bundan tashqari u ushbu bir yil ichida oʻz yoʻnalishini ham oʻzgartirgan. Avvalgi yillarda ingliz tili va matematika fanlaridan tayyorgarlik koʻrgan va iqtisodiyot yoʻnalishida oʻqishni xohlagan boʻlsa, keyin ingliz tili va tarix fanlar majmuasini tanlagan.

 

Koʻp vaqt oʻtmasdan, Turdiqul ona tilidan B, tarixdan A, matematikadan B+ va ingliz tilidan B2 sertifikatlarni qoʻlga kiritgan.

 

Turdiqul kunduzi ishlab, kechki payt 2-3 soat dars qilgan. Unga maktabda olgan fundamental bilimlari va tizimli tarzda dars qilgani muvaffaqiyat kaliti boʻlgan. Uning taʼkidlashicha, Turdiqul hech qanday qoʻshimcha kurslarga bormasdan, uyda mustaqil tayyorgarlik koʻrib, ushbu natijaga erishgan.

 

“Men dars qilib charchamayman, qancha koʻp shugʻullansam, shuncha kuch olaman. Qiyinchiliklar har doim boʻladi, lekin uni maqsad tomon harakat qilibgina yengish mumkin”, — deydi Turdiqul Talimxabarlari.uz sayti muxbiri bilan boʻlgan suhbatda.

 

Abituriyentning keyingi ish va oʻqishlariga omad tilaymiz.