Attestatsiyadagi texnik nosozliklar yuzasidan bildirilgan e’tirozlarga izoh berildi

Attestatsiyadagi texnik nosozliklar yuzasidan bildirilgan e’tirozlarga izoh berildi

27-aprel kuni matematika fanidan attestatsiya sinovlari vaqtida yuzaga kelgan texnik nosozlik sabab test jarayoni vaqtincha to‘xtab qoldi. Ijtimoiy tarmoqlarda qayta tashkil etilgan testlarda qiyin savollar tushgani haqidagi e’tirozlarga vazirlik munosabat bildirib, bu fikrlar asossiz ekanini ma’lum qildi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda 2026-yil 27-aprel kuni oʻtkazilgan matematika fanidan malaka toifa sinovlari paytida texnik nosozlik sababli jarayon toʻxtab qolganligi, bu esa ustozlarning natijasiga taʼsir qilganligi haqida xabarlar tarqaldi.

 

 

UZINFOCOM tomonidan berilgan dastlabki maʼlumotlarga koʻra, yuzaga kelgan nosozliklarni bartaraf etish uchun avariya-tiklash ishlari olib borilgan.

 

“Nosozlik sabablarini tezkor bartaraf etish uchun barcha zarur choralar koʻrilmoqda. Ishlar yakunlangani va tizim odatiy rejimda ishlashi tiklangani haqida qoʻshimcha xabar beriladi”, — deyiladi rasmiy xabarda.

 

Holat yuzasidan MMTV bilan bogʻlandik. Maʼlum qilinishicha, ushbu texnik nosozlik UZINFOCOM MCHJ Maʼlumotlarni qayta ishlash markazida kutilmagan avariya sababli roʻy bergan. Hodisa yuzasidan avariya-tiklash ishlari olib borilib, nosozlik sabablarini tezkor bartaraf etish uchun barcha zaruriy choralar koʻrilgan hamda tizim qayta ishga tushirilgan.

 

Shu bilan birga, ayrim pedagoglar tomonidan qayta test topshirish jarayonida ularga dastlabki tushgan savollardan keyingi tushgan savollarning murakkablik darajasi yuqori boʻlgan, degan mazmundagi eʼtirozlar bildirilmoqda.

 

Vazirlik bergan xabarga koʻra, matematika fanidan test topshiriqlari maxsus ishlab chiqilgan test spetsifikatsiyasi asosida bitta variant shakllantirilib, shu variant asosida testlar bazasi shakllantiriladi. Spetsifikatsiya quyidagi asosiy talablarni oʻz ichiga oladi:

 

– mazmuniy sohalar (fan boʻlimlari) kesimida aniq taqsimot;

 

– har bir boʻlim boʻyicha topshiriqlar ulushi;

 

– kognitiv faoliyat darajalari (bilish, qoʻllash, mulohaza) nisbatlari;

 

– baholash indikatorlari va oʻquv maqsadlariga muvofiqlik.

 

Mazkur spetsifikatsiya barcha test variantlari uchun yagona asos boʻlib xizmat qiladi.

 

Shuningdek, platformada qoʻllaniladigan algoritm har bir test variantini tasodifiy generatsiya qilinishi, biroq bu yuqoridagi mezonlar doirasida ishlashi taʼkidlangan.

 

“Texnik nosozlik bartaraf etilgandan keyingi jarayonda boshqa variant tushishi – tizimning standart ishlash prinsipi hisoblanadi va test xavfsizligini taʼminlaydi hamda savollarning takrorlanishini oldini oladi. Shuningdek, baholash jarayonining xolisligini saqlash uchun zarur hisoblanadi” — deyiladi xabarda.

 

Shu bilan birga, variantlardagi topshiriqlarning konteksti farq qilishi mumkinligi, biroq ular bir xil mazmuniy soha va oʻquv maqsadini qamrab olishi hamda bir xil konstrukrlarni tekshirishga moʻljallanganligi, yaʼni topshiriqlar mazmunan bir-biriga ekvivalent hisoblanishi maʼlum qilingan.

 

“Yuqoridagilardan kelib chiqib, matematika fanidan attestatsiya testlarida test variantlari yagona spetsifikatsiya asosida shakllantirilgan hamda variantlar bazasi ekvivalentlik talablariga javob beradi. Mazkur yondashuv attestatsiya jarayonining xolisligi, shaffofligi va metodik asoslanganligini taʼminlaydi” — deydi mutasaddilar.