Oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarida yakuniy davlat attestatsiyasiga oid tartib yangilandi: endilikda sertifikati bor o‘quvchilar imtihondan ozod etilib, ularga maksimal ball beriladi. Shuningdek, apellyatsiya jarayoni ochiqroq va kafolatli shaklga o‘tkazilib, imtihondan o‘ta olmaganlarga eksternat tartibida qayta topshirish imkoniyati yaratildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2026-yil 10-martdagi 100-sonli buyrug‘i bilan “Oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarida yakuniy davlat attestatsiyasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom”ga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritildi (ro‘yxat raqami — 19.03.2026-y., №2011-5).
Quyida tizimdagi eng muhim yangiliklar bilan tanishing:
Sertifikati bor o‘quvchilarga imtiyoz
Endilikda xorijiy tillar va umumta’lim fanlarini bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan o‘quvchilar mazkur fanlardan davlat imtihonlarini topshirmaydilar. Ularga tegishli fan bo‘yicha avtomatik ravishda maksimal ball beriladi.
Apellyatsiya tizimidagi shaffoflik va kafolatlar
Imtihon bahosidan norozi bo‘lgan o‘quvchilar uchun shikoyat qilish tartibi takomillashtirildi:
– baho e’lon qilingan kundan boshlab 3 ish kuni ichida ariza berish mumkin;
– apellyatsiya komissiyasi tarkibiga OTM professor-o‘qituvchilari va soha mutaxassislaridan iborat 5 kishi kiritiladi;
– apellyatsiya jarayonida o‘quvchining olgan ballini pasaytirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shikoyatni ko‘rib chiqishda o‘quvchi yoki uning ota-onasi bevosita ishtirok etish huquqiga ega.
Attestatsiyadan o‘ta olmaganlar uchun imkoniyat
Agar o‘quvchi yakuniy attestatsiyani 3 yil davomida topshira olmasa, unga eksternat tartibida imtihon topshirish huquqiga ega boʻladi. Imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirganlarga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan davlat namunasidagi shahodatnoma taqdim etiladi.
