Samarqandda 7 va 9 yoshli opa-singillar vasiy ayol tomonidan jismoniy va ruhiy zoʻravonlikka uchradi. Onasi ularni tashlab, oʻzi ishlash uchun Turkiyaga ketgan. Holat Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olingan.
Ijtimoiy tarmoqlarda voyaga yetmagan 2 nafar qizga nisbatan vaqtincha vasiy boʻlgan ayol tomonidan jismoniy va ruhiy zoʻravonlik sodir etilgani yuzasidan xabarlar tarqaldi.
Maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning 21-aprel kuni Samarqand viloyati Toyloq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro M.S. vaqtincha vasiyligida boʻlgan 2 nafar voyaga yetmagan qizlar B.D (2019-yilda tugʻilgan) B.M (2017-yilda tugʻilgan)ning hozirda xorijda boʻlgan onasi D.M dan pul undirish maqsadida turli shakldagi tazyiq oʻtkazib, bolalarga nisbatan jismoniy va ruhiy zoʻravonlik harakatlarini sodir etib, buni videoga olgan.
Ushbu holat yuzasidan Bolalar ombudsmani began rasmiy munosabatga koʻra, vaziyat ombudsmani tomonidan nazoratga olingan.
Xususan, Bolalar ombudsmanining Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili joyiga chiqqan tarzda holatni oʻrganib, bolalarni himoyalash yuzasidan zaruriy tezkor choralarni koʻrgan.
Hozirda holat yuzasidan tuman IIB tergovga qadar tekshiruv olib bormoqda.
“Tuman vasiylik organi — “Inson” markazi masʼullari tomonidan M.S vasiylikdan chetlatildi. Bolalarga yetkazilgan tan jarohati darajasini aniqlash yuzasidan sud-tibbiyot ekspertiza tayinlandi” — deyiladi rasmiy xabarda.
Xabar qilinishicha, Bolalar ombudsmani mintaqaviy vakili tomonidan voyaga yetmagan qizlarning ruhiy barqarorligini taʼminlash maqsadida psixolog jalb qilingan.
Shuningdek, qizlar tumandagi oilaviy bolalar uyiga joylashtirilgan hamda yashash hududiga yaqin maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotiga rasmiylashtirilib, bolalarning xavfsiz oilaviy muhitga va taʼlim olishga boʻlgan huquqlari tiklangan.
Hozirda xorijdagi qonuniy vakil — bolalarning onasi oʻz ota-onalik majburiyatlarini bajarishi darajasi oʻrganilmoqda.
