Endi Talimxabarlari.uz saytida yangi rukn ostida ijodiy namunalar chop etib boriladi. Mazkur rukn “Ijod nafasi” deb nomlanib, ta’lim va ustozlarga atalgan ijodiy ishlarni o‘z ichiga oladi.
Ilk sonimizda shoir Bobur Elmurodning ‘‘Tajohul-ul orif’’ nomli she’rini tuhfa etamiz. Ushbu she’r shoir tahsil olgan Zahiriddin Muhammad Bobur nomli oʻrta maktabning aziz ustozlariga bagʻishlanadi.
Qish edi.
O‘ttiz jon sovuq xonada,
Adabiyot darsin tinglar edik jim.
Muallim savollar berar gohida:
“Xamsa”ni kim yozgan,
“Jangchi Tursun” kim?
Qo‘llar ko‘tarilar basma-basiga,
Aytmasang, ko‘ksingdan chiqib ketar jon.
O‘ttiz ovoz yangrar qasdma-qasdiga,
“Navoiy”, “Navoiy”, “Hamid Olimjon!”
Shunday chanqoq edik, darsdan qolmasdik,
“Paskal”ni bilardik, daho “Nyuton”ni.
Ammo ba’zi do‘stlar topa olmasdi,
Dunyo kartasidan O‘zbekistonni.
Ular ko‘p pand yedi ko‘z o‘ngimizda,
Bosh egib, burchakda tik turdi mag‘rur.
Biz esa maqtandik o‘z-o‘zimizcha,
Buning-chun jo‘ralar, ming bora uzr.
Eslayman, bu e’lon “Uchinchi «B”ga:
– Ertaga o‘n so‘mdan keltiring, tamom.
Parta jildga denglar, keyin “bayram”ga,
Yana “kraska”ga, so‘ngra “metallom”.
O‘shanda pulim yo‘q, ichim yonardi,
Nazoratchi qistar, qarab ro‘yxatga.
Adabiyot. Ustoz ta’rif berardi,
“Tajohilul orif” degan san’atga.
Uyimda qolgandi o‘sha kun ovqat,
Qornim och, so‘mkamda non yo‘q yegani.
Ustoz takrorlardi tinmay bu san’at:
“Bilib bilmaslikka olish” degani.
Yodimdan o‘chmaydi hech qachon bu hol,
Muallim yelkamga asta qo‘ydi qo‘l.
Hech kimga bildirmay, hech kimga, alhol,
Cho‘ntagimga buklab soldi o‘n so‘m pul.
O‘ttiz qora ko‘zga izza bo‘lish, voh,
Sezdingiz, ko‘nglimni yomon o‘rtardi.
Do‘stlar, urib turgan yuragim guvoh,
Bir inson o‘ksishdan meni qutqardi.
O‘sha dars haliyam berar ko‘p saboq,
Qornim och, so‘mkamda non yo‘q yegani.
“Tajohilul orif” – ey aziz ustoz:
“Bilib bilmaslikka olish degani”.
Garchi o‘zingiz ham maoshga yashab,
Ba’zan yetkazolmay bo‘lgansiz abgor.
Yurmas edingiz hech to‘kinga o‘xshab,
Sizda yo‘q edimi bolalar, ro‘zg‘or?
Na ehson edi u, na qarz edi u,
O‘ylasam, bu holning yo‘qdir javobi.
Bir murg‘ak qalbiga sajda edi bu,
Bir ko‘ngil uyining pinhon tavofi.
She’r bitdi. Men hamon qidirib taskin,
Olis maktabimga yo‘l olaman jim.
Bilmayman, bu yurtda ustoz sharafin
Bilib, bilmaslikka olayotgan kim?
Bobur Elmurodov Qashqadaryo viloyati Kitob tumani Alaqoʻyliq qishlogʻida tavallud topgan. Oʻzbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakulteti bakalavr va magistratura yoʻnalishlarini tamomlagan. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. “Ijod” fondi tomonidan “Koʻzlarimdagi dunyo” nomli kitobi chop etilgan.
