Pedagoglar attestatsiya va milliy sertifikat imtihoni uchun 50 foiz kamroq toʻlaydi: yana qaysi davlat xizmatlarini koʻrsatish arzonlashdi?

Pedagoglar attestatsiya va milliy sertifikat imtihoni uchun 50 foiz kamroq toʻlaydi: yana qaysi davlat xizmatlarini koʻrsatish arzonlashdi?

Hukumat qarori bilan pedagoglar uchun attestatsiya va milliy sertifikat imtihoni uchun toʻlovlar 50 foizga arzonlashdi.

 

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 16-apreldagi 175-sonli qarori bilan hukumatning bir qancha qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

 

Unga koʻra, VMning (17.09.2021-yildagi 572-son) qarori bilan tasdiqlangan Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va maktabdan tashqari taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 21-bandiga oʻzgartirish kiritildi. Kiritilgan oʻzgarishga koʻra, endi pedagoglar navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida (206 ming soʻm) toʻlov qiladi.

 

Shuningdek, Hukumatning 2020-yil 12-oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi nizom 18-1-band bilan toʻldirildi. Unga koʻra, milliy sertifikat hamda chet tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha imtihonlarda qatnashish uchun pedagog kadrlardan amaldagi summaning 50 foiz miqdorida haq undiriladi.

 

Bundan tashqari, pedagoglarga quyidagi davlat xizmatlari uchun toʻlov ham ikki baravar tushirildi:

 

— ayrim turdagi malaka sertifikatlarini berish boʻyicha davlat xizmatlari;

– maktabgacha va umumiy oʻrta taʼlim maktablari pedagoglarini kasbiy sertifikatlash boʻyicha davlat xizmatlari;

– elektron raqamli imzo kalitini roʻyxatga olish va ERI kalitining sertifikatini berish boʻyicha davlat xizmatlari;

– koʻchmas mulk obyektlarining davlat kadastri sohasida davlat xizmatlari;

– muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish boʻyicha davlat xizmatlari;

– umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish boʻyicha davlat xizmatlari;

– traktorchi-mashinist guvohnomasini olish uchun imtihon topshirishga ruxsat berish, guvohnomani almashtirish va yoʻqolganining oʻrniga yangisini berish boʻyicha davlat xizmatlari;

– sportchilarga sport pasportini berish boʻyicha davlat xizmatlari;

– texnikalarni qayta roʻyxatdan oʻtkazishda;

– rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyish boʻyicha davlat xizmatlari va boshqalar.

 

Eslatma! Kamida 15-yil stajga ega boʻlgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlangʻich badalining 25 foizi qoplab berish boʻyicha arizalar qabuli 20-aprel kuni soat 14:00 dan boshlandi.