O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining buyrug‘i bilan umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun 2026–2027-o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejalar tasdiqlandi.
Mazkur hujjatga muvofiq, o‘quv rejalar ta’lim olib boriladigan tilga qarab o‘zbek, rus hamda qardosh (qozoq, qirg‘iz, tojik va turkman) tillardagi maktablar uchun alohida shakllantirilgan.
Yangi o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 4-sinfida “Informatika va axborot texnologiyalari” fani joriy etiladi.
Shu munosabat bilan 2026-yilning 20-avgust kuniga qadar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun mazkur fan bo‘yicha qisqa muddatli onlayn o‘quv kurslari tashkil etilishi belgilangan.
Shuningdek, barcha turdagi o‘quv rejalar 2026-yil 30-avgustga qadar maktab taʼlimi tizimini boshqarishning yagona dasturiy majmuasi axborot tizimi — erp.maktab.uz tizimiga joylashtiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri, viloyatlar hamda Toshkent shahar maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmalari boshliqlariga:
- umumiy oʻrta ta’lim muassasalarining boshlangʻich sinflarida “Informatika va axborot texnologiyalari” fani joriy qilinishi munosabati bilan tashkil etiladigan qisqa muddatli onlayn oʻquv kurslarda boshlangʻich sinf oʻqituvchilari ishtirokini ta’minlash;
- 2026-2027-oʻquv yili davomida umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida tayanch oʻquv reja va uning tushuntirish xatida belgilangan vazifalarning bajarilishini ta’minlash;
- umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida 2026-2027-oʻquv yiliga moʻljallangan tayanch oʻquv rejadan kelib chiqqan holda muassasa xodimlarining ish yuklamalari tarifikatsiyasi va dars jadvallarining ishlab chiqilishini ta’minlash;
- 2026-yil 30-avgustga qadar 2026-2027-o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejadagi yangiliklar hamda tushuntirish xatining mazmun-mohiyatini keng yoritish maqsadida barcha umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining direktorlari va pedagog xodimlari uchun seminar-treninglar tashkil etish vazifalari yuklatilgan.
Namunaviy tayanch oʻquv reja va tushuntirish xati asosida har bir umumiy oʻrta taʼlim muassasasi 2026-2027-oʻquv yiliga moʻljallangan oʻquv rejasini ishlab chiqadi va avgust oyidagi Pedagogik kengashning qarori bilan tasdiqlaydi.
Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari oʻqituvchilarga dars soatlar O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligining 2020-yil 20-iyundagi 8-mh-, 28- va 124/1-son qarori bilan tasdiqlangan Umumta’lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida nizomning 15-bandida belgilangan koʻrsatkichlar ketma-ketligi asosida taqsimlanadi.
Barcha turdagi davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida mazkur oʻquv reja asosida tashkil etiladigan darslar (mashgʻulotlar) davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Tayanch o‘quv rejalar — Faylni yuklash
