Prezident qaroriga muvofiq Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi 7-sonli bolalar musiqa va sanʼat maktabiga (Maktab) Farrux Zokirov nomi beriladi.
Prezidentning 2026-yil 15-aprelda “Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targʻib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish toʻgʻrisida”gi PQ–137-son qarori qabul qilindi.
Maktabda:
- “Yalla” nomidagi bolalar ansambli faoliyati tashkil etiladi;
- Yoshlar ijodiy laboratoriyasi hamda “ustoz-shogird” anʼanalari asosida estrada yoʻnalishi boʻyicha ijrochilik mahorat maktablari tashkil etiladi;
- Maktab badiiy-pedagogik kengashi qarori bilan tashkil etilgan mahorat maktabining ustoz-ijodkorlari Davlat byudjeti hisobidan har oyda mehnatga haq toʻlash eng kam miqdorining 5 baravari miqdorida ragʻbatlantirib boriladi;
Yoshlar ijodiy laboratoriyasi doirasida:
– 2026/2027 oʻquv yilidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 3 nafardan bolalar musiqa va sanʼat maktabining iqtidorli oʻquvchilaridan iborat guruh shakllantirilib boriladi hamda taʼtil davrida yozgi toʻgarakka jalb etilib, estrada xonandaligi boʻyicha maxsus bepul kurslarda oʻqitiladi;
– 2026/2027 oʻquv yiligacha zamonaviy ovoz yozish va tasvirga olish studiyasi tashkil etiladi hamda u sahna jihoz va liboslari bilan taʼminlanadi;
– Maktab va yozgi toʻgarakka jalb qilingan oʻquvchilarning ijod namunalari televideniye va xalqaro onlayn platformalarda namoyish etib boriladi.
