Namangan davlat pedagogika institutida 18-oktyabr kuni tongda yong‘in sodir bo‘ldi. Institut axborot xizmatiga ko‘ra, yong‘in yarim soat ichida bartaraf etilgan, hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan davlat pedagogika institutida yong‘in sodir bo‘lgani aks etgan video tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Namangan davlat pedagogika instituti rasmiy munosabat berdi.
Unga ko‘ra, yong‘in 2026-yil 18-oktyabr kuni soat 05:10 atrofida o‘quv binosidagi 260 o‘rinli faollar zalida sodir bo‘lgan.
Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan tezkor choralar ko‘rilib, yong‘in soat 05:40 da to‘liq bartaraf etilgan.
Shuningdek, olovning boshqa hududlarga tarqalishining oldi olingan.
Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan va tan jarohati olmagan.
Hozirda hodisa yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Uning tafsilotlari bo‘yicha qo‘shimcha rasmiy ma’lumot berilishi bildirilgan.
