Andijonda 2011-yilda tug‘ilgan maktab o‘quvchilari noqonuniy dori iste’mol qilgani aniqlandi

Andijonda 2011-yilda tug‘ilgan maktab o‘quvchilari noqonuniy dori iste’mol qilgani aniqlandi

Andijon viloyatida o‘tkazilgan tezkor profilaktik tadbir davomida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan noqonuniy dori savdosi bilan bog‘liq holat fosh etildi. Ushbu dorilarni 2 nafar maktab o’quvchisi ham iste’mol qilgani aniqlandi.

 

Ma’lum bo‘lishicha, Andijon shahrining ‘‘O‘zbegim’’ mahallasida, xalq orasida “Qovun bozor” deb ataluvchi hududda 2004-yilda tug‘ilgan ayol noqonuniy ravishda kuchli ta’sir etuvchi dori vositalarini sotish bilan shug‘ullanib kelgan. U tezkor tadbir davomida xaridorga 4 dona “Regapen” nomli dori vositasini 250 ming so‘mga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

 

Tezkor tadbir davom ettirilib, gumonlanuvchining vaqtincha yashash manzili ko‘zdan kechirilganda, u yerdan 300 dona “Tropikamid” hamda 198 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir etuvchi dori vositalari noqonuniy saqlanayotgani aniqlanib, daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilgan.

 

Shuningdek, ushbu shaxsdan dori vositalarini xarid qilib, iste’mol qilib kelgan 2011-yilda tug‘ilgan ikki nafar maktab o‘quvchisidan ham jami 4 dona “Regapen” topilgan.

 

Bundan tashqari, gumonlanuvchining sherigi sifatida aniqlangan 1994-yilda tug‘ilgan erkak yonidan ham bir bo‘lak gashish giyohvandlik moddasi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirilgan.

 

Mazkur holat yuzasidan 2004-yilda tug‘ilgan ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 251(1)-moddasi 4-qismi, 1994-yilda tug‘ilgan erkakka nisbatan esa 273-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

 

Avvalroq, Toshkentda xususiy universitet o‘qituvchisi va talabasi tomonidan noqonuniy diniy ta’lim berish holatlari aniqlanganligi haqida xabar bergan edik.