Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 11-sinf o‘quvchisi Aliqulova Hilola Xurshid qizi milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, u TOP-100 universitetlarning “foundation” dasturlariga qabul qilingan.
U matematika fanidan A+, o‘zbek tili va adabiyotdan C+, tarixdan C darajali milliy sertifikatlarga, shuningdek IELTS 7.5 va SAT 1440 ballik natijalarga erishgan. Bundan tashqari, u Buyuk Britaniyaning TOP-100 taligiga kiruvchi uchta universitet — ‘‘University of Leeds’’, ‘‘University of Sheffield’’ va ‘‘Durham University’’ kabi oliygohlarning “foundation” dasturlariga qabul qilingan.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan uning yutuqlari, imtihonga tayyorgarlik jarayoni, qiyinchiliklari va tajribasi haqida suhbatlashdi.
“Ingliz tiliga qiziqishim 4-sinfdan boshlangan”
Hilolaning aytishicha, uning ingliz tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi bolaligidan shakllangan. Bu yo‘lda ota-onasining rag‘bati muhim rol o‘ynagan.
“Ingliz tilini o‘rganishga kirishishim aslida ota-onamning rag‘batlari sabab 4-sinfdan boshlangan. Dadam har doim: “Yoshligidan til bilgan — el biladi”, deb ta’kidlar edilar. Shu sababli, ular boshlang‘ich sinflardanoq mening avval rus tiliga, keyinchalik esa ingliz tiliga bo‘lgan qiziqishimni qo‘llab-quvvatlab, bu yo‘lda rivojlanishim uchun barcha zarur imkoniyatlarni yaratib berganlar”.
Uning aytishicha, boshlang‘ich sinfligida ingliz tilini yaxshi o‘zlashtirgani sababli u turli olimpiadalarga jalb etilgan. 8-sinfda ixtisoslashtirilgan maktab-internatga qabul qilinishi esa uning ta’lim yo‘lidagi muhim burilish nuqtasi bo‘lgan.
“8-sinfda Qarshi shahridagi 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga qabul qilinganim hayotimdagi eng katta yutuqlardan biri bo‘ldi. Chunki bu ta’lim maskanida ingliz tilini mukammal o‘rganish uchun barcha imkoniyatlar mavjud edi. 8-sinfni tugatgandan so‘ng B2 darajasini qo‘lga kiritdim”, – deydi u.
“Ustozim katta marralarni ko‘zlashga undagan”
U o‘z muvaffaqiyatida ustozlarining o‘rni katta ekanini alohida ta’kidlaydi.
“Ingliz tili o‘qituvchim Mahkamova Nargiza ustoz bizga doimo katta marralarni ko‘zlash kerakligini uqtirib kelganlar. Ularning ishonchi va qo‘llab-quvvatlashi tufayli men avvalo IELTS, keyinchalik esa SAT sertifikatlarini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldim. Shu o‘rinda, maktabimiz rahbariyatini ham hissasi bor”.
“IELTS — 5 oy, SAT — 3 oy: har bir sertifikat aniq reja asosida olindi”
O‘quvchi sertifikat olishda har bir fan va imtihon uchun alohida vaqt ajratgan.
“IELTS sertifikatini 10-sinfda iyuldan dekabrgacha davom etgan 5 oylik intensiv tayyorgarlikdan so‘ng qo‘lga kiritdim. Ona tili fanidan esa 31-martdan 15-aprelgacha bo‘lgan qisqa muddatli tayyorgarlik natijasida yuqori natijaga erishdim.
Tarix faniga oktyabrdan dekabrgacha muntazam tayyorgarlik ko‘rdim. SAT imtihoniga ham xuddi shu davr — oktyabrdan dekabrgacha ustozlarim bilan oflayn darslar hamda mustaqil shug‘ullanish orqali tayyorlandim.
Matematika fanidan esa 10-yanvardan 2-martgacha davom etgan intensiv tayyorgarlik jarayonidan keyin kerakli natijani qo‘lga kiritdim.”
“Maktab va sertifikatni birga olib borish oson bo‘lmadi”
Hilola kunlik rejimida vaqtni maksimal darajada samarali ishlatishga harakat qilgan. Maktabdagi darslar bilan birga qo‘shimcha tayyorgarlik olib borish esa oson kechmagan.
“Maktabimizda darslar 8:30 dan 16:00 gacha davom etardi. To‘g‘ri, bunday olib qaraganda biz maktabda ixtisos fanlarga ko‘proq e’tibor qaratar edik. Lekin bu qilgan vazifalarim mening maqsadimga erishishimga kamdek tuyulardi. Shuning uchun, qo‘shimcha to‘garaklarga qatnab, o‘z ustimda ishlardim. Maktab va sertifikat tayyorgarligini birga olib borish qiyin bo‘lgan, lekin har bir vaqtdan unumli foydalana olishim menga juda qo‘l kelgan”.
“Listening’ning siri — doimiy mashq va eshitish muhitini yaratish”
U IELTS listening bo‘limidan yuqori natija olish uchun aniq bir “sir” yo‘qligini, eng asosiy omil — muntazam mashq ekanini ta’kidlaydi.
“Kundalik hayotda ham tinglab tushunish ko‘nikmalarimni rivojlantirishga harakat qildim. Transportda harakatlanayotganimda vaqtni bekor o‘tkazmasdan ingliz tilidagi podkastlarni eshitib borishim bu ko‘nikmamni rivojlantirishda juda katta yordam berdi”.
Shuningdek, tinimsiz mehnat va ustozlari tomonidan o‘rgatilgan metodlar ham ancha yordam bergan.
“Cambridge, TEDx va ilmiy maqolalar — asosiy manbalarim bo‘lgan”
O‘quvchi tayyorgarlik jarayonida o‘z bilimlarimni yanada mustahkamlab borishiga quyidagi manbalarni foydali bo‘lganini aytadi:
“Asosan “Cambridge” kitoblaridan foydalandim. IELTS va SAT’ga tayyorgarlik jarayonida esa ko‘proq “General English” ko‘nikmalarimni rivojlantirishga e’tibor qaratdim. Shu maqsadda TEDx chiqishlarini tomosha qilish va Google orqali ilmiy maqolalarni o‘qish orqali o‘z bilimlarimni yanada mustahkamlab bordim”.
“SAT’ning verbal qismi ancha murakkab bo‘ldi”
SAT imtihoni haqida gapirar ekan, u bu test boshqa sertifikatlarga qaraganda murakkabroq ekanini aytadi.
“SAT’ga tayyorgarlik jarayoni men uchun ancha murakkab kechdi. Chunki u Amerika ta’lim tizimi mezonlariga asoslangan xalqaro sertifikat hisoblanadi. O‘zbek ta’lim tizimida o‘qiganim sababli, ayniqsa ingliz tili qismiga moslashish biroz qiyin bo‘ldi. Boshqa sertifikatlar bilan taqqoslaganda, SAT’ning verbal qismi ancha murakkab tuyuldi”, – deydi u.
Biroq matematika qismi unga nisbatan osonroq kechgan:
“Matematika qismiga keladigan bo‘lsam, men uni milliy sertifikatga nisbatan osonroq deb hisoblayman. Ayniqsa, ingliz tilidagi matematik terminlarni yaxshi tushunadiganlar uchun bu bo‘lim unchalik qiyinchilik tug‘dirmaydi. Shu sababli, matematika qismida deyarli muammoga duch kelmadim”.
Izoh: SAT’ning verbal qismi – bu SAT’ning reading qismi degani.
“Ilmga tikilgan sarmoya — eng zo‘r sarmoya”
Hilola tayyorgarlik jarayonida tushkunlik holatlari bo‘lganini yashirmaydi. Ammo aynan shunday paytlarda ota-onasining qo‘llab-quvvatlovi unga kuch bergan.
“Oyim bilan dadam doimo shuni ta’kidlar edilar: barcha harakatni qilib, sinab ko‘rgan inson hech qachon yutqazmaydi, ammo qo‘rqib sinab ko‘rmagan inson aslida eng katta yutqazgan bo‘ladi. Bu fikrlar har doim menga kuch va motivatsiya bergan.
Shuningdek, dadamning yana bir gapi bor edi: “Ilmga tikilgan sarmoya — eng zo‘r sarmoya.”
Ular bilim har doim insonni muvaffaqiyatga olib borishini alohida ta’kidlardilar”, – deya eslaydi u.
“Eng katta xatoyim — aniq kunlik reja tuzmaganligim bo‘lgan”
O‘quvchi o‘z tajribasidan kelib chiqib, tayyorgarlik jarayonidagi asosiy kamchiligini ham ochiq aytdi.
“IELTS va SAT’ga tayyorgarlik jarayonida qilgan eng katta xatoyim — vaqtim tig‘izligi sababli aniq kunlik reja tuzmaganligim bo‘lgan. Ya’ni, men qat’iy jadval asosida emas, balki vaqtimga qarab “mock test”lar ishlaganman. Yoki alohida mavzular ustida shug‘ullanganman.
Natijada, tayyorgarlik jarayonim tizimli emas, balki tartibsiz kechgan, bu esa samaradorlikka salbiy ta’sir qilgan”.
“Maqsadim — chet elda o‘qib, yurtimga foydali kadr bo‘lish”
Bo‘lg‘usi talaba hozirda “El-Yurt Umidi” jamg‘armasiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Kelgusida esa xorijda ta’lim olib, o‘z bilimlarini yurt rivoji yo‘lida qo‘llashni maqsad qilgan.
“Chet elda tahsil olib, o‘z bilim va tajribamni yurtim rivoji yo‘lida qo‘llaydigan, xalqimga foydali va malakali kadr bo‘lib yetishishni maqsad qilganman.”
“TOP universitetlar orasidan aynan Durham’ni tanlashimning sababi bor”
Hilola qabul qilingan universitetlar haqida ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, ushbu oliygohlar dunyo reytingida yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.
“‘‘University of Leeds’’ dunyo reytingida yuqori o‘rinlardan birini egallaydi (taxminan top 80–100 oralig‘ida), odatda ‘‘University of Sheffield’’ top 100 atrofida, ‘‘Durham University’’ esa top 100 ichida joylashgan nufuzli universitetlardan biri hisoblanadi”.
U aynan Durham universitetining “foundation” dasturini yutib olganini va bu dastur orqali keyingi bosqichga o‘tish imkoniyatiga ega ekanini ta’kidladi.
“Men Durham University’dan “foundation” dasturini yutib olganman. Ushbu dasturda bir yil davomida tahsil olib, keyinchalik o‘z yo‘nalishim bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri bakalavr bosqichiga o‘tish imkoniyatiga ega bo‘laman.”
Shuningdek, u ushbu universitetlarni tanlashida asosiy mezon — sifatli ta’lim va yo‘nalish bo‘yicha yuqori reytinglar bo‘lganini qayd etdi.
Hilolning ta’kidlashicha, qabul qilingan 3 ta universitet ichidan aynan Durham universitetini tanlashni rejalashtirmoqda.
“Yo‘nalishim — “Xalqaro munosabatlar” bo‘yicha yetakchi o‘rinlarda turgani sababli Durham University’ni tanlamoqchiman. Ushbu universitet nafaqat kuchli akademik dasturlari, balki tajribali professor-o‘qituvchilari va xalqaro muhitga ega ekanligi bilan ham ajralib turadi”, – dedi u.
“Hozirda tillarni rivojlantirib, jahon adabiyotini o‘qiyapman”
Hilola O‘zbekistonda qolgan taqdirda ham aniq yo‘nalishga ega ekanini aytdi.
“Agar O‘zbekistonda o‘qishni davom ettirsam, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga hujjat topshirmoqchiman.”
Suhbat yakunida u tengdoshlariga quyidagi tavsiyalar bilan bo‘lishdi.
“Agar inson o‘z oldiga maqsad qo‘ygan bo‘lsa, u hech qachon armon bo‘lib qolmasligi kerak. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, qat’iyat bilan harakat qilinsa, har qanday natijaga erishish mumkin. Hech qachon to‘xtamang”, – deya yakunladi u.
Ayni paytda Hilola o‘z ustida ishlashda davom etmoqda.
“Hozirda “El-Yurt Umidi” jamg‘armasiga tayyorgarlik ko‘rmoqdaman. Shuningdek, tillarni mukammal o‘zlashtirish maqsadida jahon adabiyotlarini rus va ingliz tillaridagi variantlarda mutolaa qilmoqdaman.
Bu jarayon menga nafaqat til ko‘nikmalarimni rivojlantirish, balki dunyoqarashimni kengaytirish va turli madaniyatlarni chuqurroq anglash imkonini bermoqda”.
Hilolani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, Nukus shahridagi Prezident maktabining 11-sinf oʻquvchisi Maxmutov Alpamis Alisherovich AQShning “Cornell University” oliygohiga 100 foizlik grant asosida qabul qilingani haqida xabar bergan edik. Grant miqdori 362 000 AQSh dollarini tashkil etadi. Batafsil intervyuni o‘qish
Toshkent viloyati Angren shahar 20-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Malika Xoliqberdiyeva IELTS’dan 8.5 ball (C2) sertifikatiga ega bo‘lgani haqida xabar bergan edik.



