Toshkentda xususiy universitet o‘qituvchisi va talabasi tomonidan noqonuniy diniy ta’lim berish holatlari aniqlandi

Toshkentda xususiy universitet o‘qituvchisi va talabasi tomonidan noqonuniy diniy ta’lim berish holatlari aniqlandi

Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida Toshkent shahrining bir nechta manzillarida noqonuniy diniy taʼlim berish holatlari aniqlangan.

 

Maʼlum boʻlishicha, 1992-yilda Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan, hozirda poytaxtdagi nodavlat oliy taʼlim muassasasining 2-bosqich talabasi Yangihayot tumanidagi xonadonlardan birini ijaraga olib, moddiy manfaat evaziga 2014–2021-yillarda tugʻilgan 9 nafar voyaga yetmagan bolaga diniy saboq berib kelgan.

 

Tekshiruv jarayonida ushbu xonadondan 49 dona turli diniy mazmundagi kitoblar, 24 dona diniy darsliklar yozilgan daftarlar hamda 1 dona noutbuk ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyilgan.

 

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, bolalarga majburiy ravishda saboq berilgan, ayrim hollarda esa ularga turli darajada tan jarohatlari ham yetkazilgan.

 

Shuningdek, bolalardan 6 nafari 2 oydan 8 oygacha umumtaʼlim maktablariga bormagan. Ular majburan uyda saqlanib, hatto koʻchaga chiqishlariga ham ruxsat berilmagani aniqlangan.

 

Mazkur holat yuzasidan manzildan olingan diniy adabiyotlar va kompyuter texnikasi yuzasidan tegishli ekspertizalar tayinlanib, qonunbuzar fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 229²-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

 

Bolalarning ota-onalariga nisbatan esa Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-moddasi asosida maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

 

Bundan tashqari, Yangihayot tumanida aniqlangan yana bir holatda esa yuqorida keltirilgan talabaning nodavlat oliy taʼlim muassasasidagi oʻqituvchisi ham ijaradagi xonadonda bolalarga noqonuniy diniy saboq berib kelgani maʼlum boʻlgan.

 

1987-yilda tugʻilgan mazkur shaxs va uning turmush oʻrtogʻi tomonidan 2009–2018-yillarda tugʻilgan 5 nafar bolaga taʼlim berilgan boʻlib, ular orasida Tojikiston fuqarosining farzandi ham borligi aniqlangan.

 

Hozirda ushbu holat yuzasidan ekspertiza tayinlanib, tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

 

Avvalroq, Surxondaryoda 8 nafar bolaga noqonuniy diniy saboq berib kelayotgan shaxs aniqlanganligi haqida xabar bergan edik.