Xorijda o‘qishni rejalayotgan yoshlar uchun “El-yurt umidi” stipendiyasi katta imkoniyatlardan biri sanaladi. “El-yurt umidi” stipendiyasi g‘oliblari ochiq tanlov asosida test sinovlari va suhbat o‘tkazish orqali aniqlanadi, test sinovlarida nomzodlarning intellektual, tahlil qilish va kreativlik qobiliyatlari, psixologik barqarorligi baholanadi.
Xabar berganimizdek, “El-yurt umidi” jamgʻarmasining 2026-yilgi 1-ochiq stipеndiya tanlovi uchun hujjatlar qabuli boshlandi.
Mazkur stipendiya Prezidentning 2025-yil 5-maydagi PF-77-sonli farmoni asosida joriy etilgan bo‘lib, u iqtidorli mutaxassislarning xorijda ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va rag‘batlantirishga qaratilgan.
Kimlar hujjat topshirishi mumkin?
Xorijda bakalavriat, magistratura va doktorantura dasturlari boʻyicha taʼlim olishni istaydigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari ariza topshirishlari mumkin:
– Bakalavr dasturlari boʻyicha: 30 yoshgacha boʻlgan, oldin oʻxshash mutaxassislik boʻyicha xorijda bakalavr dasturlarida tahsil olmagan;
– Magistratura dasturlari boʻyicha: 22-40 yosh oraligʻida boʻlgan, oldin oʻxshash mutaxassislik boʻyicha xorijda magistratura dasturlarida tahsil olmagan. Tanlagan mutaxassisligi boʻyicha kamida 1 yil mehnat tajribasiga ega boʻlganlar;
– Doktorantura dasturlari boʻyicha: 25-45 yosh oraligʻida boʻlgan, oldin xorijda PhD yoki fan doktori ilmiy darajasiga ega boʻlmaganlar. Tanlagan mutaxassisligi bo’yicha magistratura uchun kamida 1 yil, doktorantura uchun 2 yil mehnat tajribasiga ega bo’lganlar topshira oladi.
Kimlar bu tanlovda ishtirok eta olmaydi?
a) bakalavriat ta’lim dasturi bo‘yicha 30 yoshdan katta bo‘lgan, shuningdek, avval o‘xshash mutaxassislik bo‘yicha xorijda bakalavriatda ta’lim olganlar;
b) magistratura ta’lim dasturi bo‘yicha — 22 yoshdan kichik va 40 yoshdan katta bo‘lgan, shuningdek, avval ayni yoki turdosh mutaxassislik bo‘yicha xorijda magistraturada ta’lim olganlar;
v) doktorantura ta’lim dasturi bo‘yicha (shu jumladan, aspirantura orqali falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun) — 25 yoshdan kichik va 45 yoshdan katta bo‘lgan, shuningdek, avval falsafa doktori (PhD), fan nomzodi yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasini xorijda olganlar, O‘zbekistonda fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olganlar;
g) magistratura ta’lim dasturiga hujjat topshirishda 1 yildan kam, doktorantura ta’lim dasturiga esa 2 yildan kam mehnat stajiga ega bo‘lganlar;
d) oliy ma’lumotga ega bo‘lmaganlar (mazkur talab bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha nomzodlarga tatbiq etilmaydi);
e) xorijiy mamlakatlarda ta’lim olishi bilan bog‘liq xarajatlari xalqaro yoki xorijiy tashkilotlar, xorijiy oliy ta’lim va ilmiy muassasalar tomonidan, shu jumladan, Chevening, Fullbright, Erasmus Mundus, DAAD, KOICA, JICE va shunga o‘xshash boshqa dasturlar asosida ajratiladigan grantlar yoki stipendiyalar orqali to‘liq moliyalashtiriladiganlar;
j) xorijda sirtqi va onlayn dasturlar orqali ta’lim oladiganlar;
z) jinoyat sodir etganlik uchun sudlanganligi tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmaganlar ushbu ochiq stipendiya tanlovida ishtirok etishlari mumkin emas.
Stipendiya qanday imkoniyatlar taqdim etadi?
Ushbu stipendiya quyidagi bir qator imkoniyatlarni taqdim etadi:
– bakalavr, magistratura yoki doktoranturada oʻqish puli toʻliq qoplanadi;
– shuningdek, vizalar olish, stipendiatlarning barcha turdagi transport vositalari bilan taʼlim olish joyigacha boʻlgan yoʻlkira xarajatlari (ikkala tomonga, koʻpi bilan yiliga bir marta);
– taʼlim olish davrida yashash, ovqatlanish, tibbiy sugʻurta va transport xarajatlari;
– zarur oʻquv va ilmiy adabiyotlarni xarid qilish, shu jumladan darsliklar sotib olish, stipendiat taʼlim olayotgan xorijiy taʼlim, ilmiy yoki boshqa muassasa talablariga binoan ilmiy maqolalar chop ettirish, ilmiy maqolalarni koʻchirib (elektron tarzda yuklab) olish, maqolalar hamda ilmiy adabiyotlarning elektron bazasiga obuna boʻlish;
– Jamgʻarma Vasiylik kengashi qaroriga koʻra stipendiatlarning xorijda taʼlim olishi bilan bevosita bogʻliq boshqa xarajatlari;
– har bir taʼlim dasturi boʻyicha bitta stipendiatga ajratiladigan xarajatlarning cheklangan miqdori Jamgʻarmaning Vasiylik kengashi tomonidan belgilanadi.
Hujjatlar qanday tartibda topshiriladi?
Nomzodlar joriy yilning 3-aprelidan 26-noyabriga qadar mazkur platforma orqali tegishli hujjatlarni yuborib, tanlovga nomzod sifatida qatnashishlari mumkin.
Shuningdek, nomzodlar hujjatlarini topshirish jarayonida quyidagi ma’lumotlarni yuklashlari lozim:
– jamgʻarma Ijrochi direktori nomiga ariza;
– xorijiy taʼlim muassasasidan qabul qilinganligi toʻgʻrisida xat (Letter of acceptance);
– mehnat daftarchasi nusxasi (mavjud boʻlsa);
– attestat yoki diplom nusxasi;
– xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi xalqaro sertifikat;
– motivatsion insho va boshqalar.
Kimlarga ustuvorlik beriladi?
Bakalavriat bo‘yicha hamda magistratura va doktorantura bo‘yicha xalqaro reyting tashkilotlarining global reytingi natijalariga ko‘ra:
– birinchi 100 talikka kiritilgan xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qish xarajatlari (tuition fee) to‘liq qoplanadigan grant asosida qabul qilingan nomzodlarga “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalari tanlovlarsiz ajratiladi;
– birinchi 300 talikka kiritilgan xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga qabul qilingan nomzodlarga xalqaro transport va turarjoy xarajatlari uchun “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalari tanlovlarsiz ajratiladi;
– birinchi 20 talikka kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim dasturlari bo‘yicha o‘qish xarajatlari (tuition fee) kamida 50 foiz qoplanadigan grant asosida qabul qilingan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablari bitiruvchilariga “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalari tanlovlarsiz ajratiladi.
Mazkur stipendiya tanlovi uchun o‘rinlar ajratishda STEM yo‘nalishlari (ilm-fan, texnologiya, muhandislik va matematika) hamda iqtisodiyotning drayver sohalariga (energetika, transport, urbanizatsiya, arxitektura va qurilish, qishloq va suv xo‘jaligi, geodeziya, yer munosabatlari) shuningdek, davlat boshqaruvi va boshqa dolzarb ijtimoiy yo‘nalishlarga (tibbiyot, ta’lim) maqsadli asosda alohida ustuvorlik berildi.
Natijalar qachon e’lon qilinadi?
G‘oliblar ro‘yxati tanlov yakunlangandan so‘ng 1 oy muddatda e’lon qilinadi.
Stipendiatlarga tantanali ravishda sertifikatlar topshiriladi hamda stipendiat, Jamg‘arma, ish beruvchi va moliyaviy kafil o‘rtasida to‘rt tomonlama shartnoma rasmiylashtiriladi.
