Maktab direktori boʻlish uchun menejerlik sertifikati qanday olinadi?

Maktab direktori boʻlish uchun menejerlik sertifikati qanday olinadi?

Maktab direktori lavozimiga nomzod boʻlish uchun menejerlik sertifikati talab qilinadi. Mazkur sertifikatni qoʻlga kiritish tartibi bir necha bosqichdan iborat boʻlib, nomzodlardan maxsus kurslarda qatnashish va yakuniy sinovdan muvaffaqiyatli oʻtish talab qilinadi.

 

Nomzodlar menejerlik sertifikatiga ega bo‘lishi uchun Vazirlik tomonidan menejerlik kurslari uchun roʻyxatga olish eʼlon qilinganda, ushbu kurslarda oʻqish uchun ariza topshirishi kerak boʻladi.

 

Nomzodlar menejerlik kurslarida strategik boshqaruv, jamoa bilan ishlash, moliyaviy savodxonlik va taʼlim sifatini boshqarish boʻyicha bilimlarga ega boʻladi.

 

Kurs oxirida esa rasmiy nazorat imtihoni boʻlib oʻtadi.

 

Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, yakuniy imtihon 25 ta test, keys hamda amaliy topshiriqlardan iborat bo‘ladi. Test sinovlari va keys topshiriqlarini bajarish uchun jami 80 daqiqa vaqt beriladi.

 

Amaliy topshiriqlar esa taqdimot qilinadi va mas’ullar tomonidan baholanadi.

 

70 ball va undan yuqori natija koʻrsatgan nomzodlar yakuniy sinovni muvaffaqiyatli topshirgan hisoblanadi va ularga QR-kod qoʻyilgan elektron shaklda menejerlik sertifikati beriladi.

 

Ushbu sertifikat 5 yil davomida amal qiladi. Bu sertifikat rahbarning professional tayyorgarligini tasdiqlaydi.

 

Menejerlik sertifikatini qoʻlga kiritib, rahbar lavozimi uchun manager.uzedu.uz platformasi orqali ariza yuborish kerak boʻladi.

 

Arizalar tegishli tartibda koʻrib chiqilib, nomzodlarning shaxsiy kabinetlariga suhbat oʻtkazilish joyi va vaqti haqida xabar yuboriladi.

 

Suhbat jarayonlarida nomzodlar quyidagi yoʻnalishlarda suhbat boʻlib oʻtadi:

 

— taʼlim-tarbiya tizimiga oid huquqiy-normativ hujjatlar va sohaga oid davlat siyosati;

 

— maktabni rivojlantirish strategiyasi;

 

— pedagogik jamoani boshqarish usullari;

 

— liderlik koʻnikmalari va mahorati;

 

— taʼlim sifatini oshirish mexanizmlari;

 

— korrupsiyaga qarshi kurash va shaffoflikni taʼminlash;

 

— muammoli vaziyatlarda qaror qabul qilish.

 

Suhbat jarayoni ochiq, adolatli va videoyozuv asosida oʻtkaziladi. Mazkur jarayonda nomzodlarning liderlik koʻnikmalari baholanadi.

 

Nomzodlar baholash asosida kengash tomonidan direktorlikka tavsiya etilishi mumkin. Nomzodlarning shaxsiy kabinetiga suhbat natijalari yuboriladi. Ushbu tavsiya rasmiy hisoblanib, hududiy boshqarma tomonidan maktab direktorligiga tayinlanishi uchun asos boʻlib xizmat boʻladi.

 

Direktorlar kengashi tomonidan yangi tayinlangan direktorlarga metodik yordamlar koʻrsatiladi. Seminarlar orqali qoʻllab-quvvatlanadi.

 

Mavzuga doir: Menejerlik sertifikatini ololmagan maktab direktori ishdan boʻshatiladimi?

 

Avvalroq, qanday turdagi menejerlik sertifikati uchun direktor va o‘rinbosarlarga ustama to‘lanmasligi haqida xabar bergan edik.