Ijtimoiy tarmoqlarda Navbatdan tashqari attestatsiya sinovlarida salbiy natija qayd etgan pedagoglarning maktab rahbariyati tomonidan ishdan boʻshatish boʻyicha ogohlantirilayotganligiga doir xabarlar tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiy munosabat berdi.
Unga ko‘ra, tarqalayotgan xabarlar hech bir asosga ega emasligi, maktab rahbariyati yoki boshqa mansabdor shaxslarning pedagoglar oldiga bu kabi talablarni qoʻyishi qonunchilik talablariga mutlaqo zid hisoblanishi ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan, navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashgan va oʻta olmagan pedagoglarning malaka toifasi tushirilmaydi hamda ularga amaldagi oʻz malaka toifasi boʻyicha haq toʻlanishida davom etiladi.
Shuningdek, vazirlik ushbu holatda pedagoglar bilan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun hech qanday qonuniy asos mavjud emasligini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, faqat oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan hamda mutaxassis lavozimidagi pedagoglar majburiy attestatsiyadan o‘ta olmagan taqdirda, ularning mehnat shartnomasi malaka yetarli emasligi sabab bekor qilinishi mumkin.
Bunda ham ish beruvchi xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilmagan taqdirda, mazkur pedagoglar navbatdan tashqari attestatsiyaga koʻpi bilan ketma-ket ikki marta qatnashish huquqiga ega bo‘ladi.
Mazkur imkoniyatlardan keyin ham pedagogning attestatsiya sinovlarida salbiy natija qayd etishi xodim bilan mehnat shartnomasining mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilinishiga asos boʻladi.
Vazirlik boshqa hech bir holatda pedagoglarning attestatsiya sinovlaridagi salbiy natija qayd etishi ularning mehnat shartnomasini bekor qilinishiga asos boʻlmasligini ta’kidladi.
Shuningdek, vazirlik pedagoglarga yuqoridagi holatlarga duch kelinsa, murojaat qilishni tavsiya etdi.
‘‘Agar maktab rahbariyati yoki boshqa mansabdor shaxslar tomonidan sizga nisbatan yuqorida keltirib oʻtilgan holatlar boʻyicha noqonuniy talab qoʻyilsa, vazirlikning Ishonch telefoni (71-202-09-09) yoki @mmtv_anticorbot manzili boʻyicha xabar berishingizni soʻraymiz.
Murojaat qilgan fuqarolarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi’’, — deyiladi rasmiy munosabatda.
