“Maqsadga aylantirmasangiz, natija bo‘lmaydi”: muddatidan oldin talaba bo‘lgan qashqadaryolik o‘quvchi

“Maqsadga aylantirmasangiz, natija bo‘lmaydi”: muddatidan oldin talaba bo‘lgan qashqadaryolik o‘quvchi

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani 20-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Ahmedova Guljahon Umid qizi 4 ta fandan milliy sertifikatlar olib, oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun zarur bo‘lgan 189 ballni muddatidan oldin to‘pladi.

 

U o‘zbek tili va adabiyot fanidan A darajada, Ingliz tili B2, tarix hamda matematika fanlaridan C darajadagi milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritgan. Bu ko‘rsatkich ortida esa oddiy tayyorgarlik emas, balki aniq maqsad va uzluksiz mehnat turibdi.

 

Guljahonning aytishicha, u dastlab sertifikat olishni rejalashtirmagan:

 

‘‘Aslida, boshida sertifikat haqida o‘ylamaganman, DTM uchun tayyorgarlik koʻrayotgandim. Keyin ustozim Madina Axmedova oʻz yoʻnalishlari boʻyicha Ona tilidan A+ darajali sertifikat olganlaridan so‘ng, menda ham xohish paydo bo‘ldi: men ham olaman, dedim.’’

 

Shundan so‘ng u o‘z ustida jiddiy ishlay boshlagan. Ona tili uchun 2 yil, ingliz tili uchun 1 yil, matematika uchun esa atiga 2 oy vaqt ajratgan. Tarix fanidan esa mustaqil tayyorlangan.

 

‘‘Tarix fanidan repetitorga borganim yoʻq. Maktabda oʻzim mustaqil ravishda mavzularni oʻqib, dars vaqtida fan oʻqituvchim bilan shugʻullanganman’’, — deydi u.

 

Tayyorgarlik jarayoni esa oson kechmagan. Guljahon ko‘pincha kechasi ham dars qilishga to‘g‘ri kelganini aytadi:

 

“Ba’zida yarim kechagacha dars qilardim. Ota-onam yotib uxla, ertaga oʻqiysan endi deb gapirgan vaqtlarida ham darslarimni tugatmagunimcha uxlamasdim. O‘sha paytlari menda uyqu rejimi buzilgandi, qolaversa, yarim kechgacha dars qilaverganimdan ko‘zimning ko‘rish qobiliyati ham pasayib ketdi.”

 

Shunga qaramay, u hech qachon to‘xtamagan. Uning fikricha, muvaffaqiyatning asosiy siri — qat’iyat:

 

‘‘Eng muhimi, toʻxtab qolmaslik. Bir marta magʻlubiyatga uchrasa, boʻldi tamom men uddalay olmayman deb toʻxtab qolmaslik kerak va qilgan xatolardan saboq chiqarish lozim’’.

 

Guljahon 9-sinfda olimpiadada ishtirok etib, yutquzganini unga qattiq ta’sir qilganini aytadi:

 

“9-sinfda ona tilidan olimpiadada o‘rin ololmagandim. Juda alam qilgandi, uyga kelib kun bo‘yi yig‘laganman.”

 

10-sinfda esa u bir vaqtning o‘zida sertifikat, olimpiada va boshqa darslarni olib borishga majbur bo‘lgan.

 

“Sertifikat imtihonimga 15 kun qolgan edi, shu paytda olimpiadaga ham tayyorlanishim kerak edi. Ingliz tilidan ham darslar bor edi. Juda charchab ketgandim.  Biroq, shunga qaramay, olimpiadadan yuqori ball bilan 1- oʻrinni egalladim va ona tilidan A darajadagi sertifikatga ham ega boʻldim. ”

 

Guljahon test ishlash uslubi haqida ham o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi:

 

“Test ishlaganda noto‘g‘ri variantlarni chiqarib tashlash juda muhim. Shunda to‘g‘ri javobni topish osonlashadi.”

 

Ko‘pchilik telefon o‘quvchini chalg‘itadi, deb hisoblaydi. Ammo Guljahon buning aksini isbotlay olganlardan.

 

“Asosan darslarimni telefon orqali qilardim. O‘zimda yo‘q kitoblarning elektron variantlarini o‘qirdim, onlayn darslarda qatnashardim. Menimcha, me’yorida va to‘gʻri maqsadda foydalanilsa, ijtimoiy tarmoqlar oʻquvchi uchun chalgʻituvchi vosita emas”. — deydi u.

 

U milliy sertifikat imtihoniga tayyorlanayotgan boshqa o‘quvchilarga oddiy, lekin muhim maslahat beradi:

 

“Sertifikat olishni xohlayman deb o‘tirish yetarli emas. Harakat qilish kerak. Bir narsani xohlayapsizmi, uni maqsadga aylantiring va unga erishmaguningizcha toʻxtamang!’’

 

Guljahon hozirda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti filologiya yo‘nalishiga hujjat topshirishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, u kitob mutolaasiga jiddiy e’tibor qaratib, eng yaxshi kitobxonlar uchun ajratilgan mukofotni qo‘lga kiritishni maqsad qilgan.

 

“Hozir badiiy kitoblar o‘qiyapman. Prezidentimizning: endilikda har bir maktabning eng yaxshi kitobxon oʻquvchisiga 10 mln soʻm miqdorda pul beriladi degan qarorlari chiqdi. Shuning uchun hozirgi kunda kitob oʻqish bilan bandman. Hozirgi maqsadim eng yaxshi kitobxon boʻlib, shu mukofotni yutish” — deydi u.

 

Shuningdek, u ustoziga yordam sifatida repetitorlik faoliyatini ham sinab ko‘rayotganini aytadi.

 

Avvalroq, Qashqadaryoda bir maktabning 35 nafar o‘quvchisi turli darajadagi milliy sertifikatlarga ega bo‘lganligi haqida xabar bergan edik.