Samarqand viloyati Narpay tumanidagi 55-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi Abdurazzoqova Kumush Oybek qizi bir nechta fanlardan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Kelgusida u Toshkent davlat Sharqshunoslik universitetining Xitoy tili filologiyasi yo‘nalishiga hujjat topshirishni rejalashtirmoqda. Talimxabarlari.uz muxbiri o‘quvchi bilan suhbatlashib, uning tayyorgarlik jarayoni va muvaffaqiyat siri haqida so‘radi.
“Doimiy izlanish va ustozlarimning ishonchi menga kuch berdi”
Kumushning aytishicha, milliy sertifikat olish g‘oyasi 2024-yilning ikkinchi yarmida paydo bo‘lgan.
Sertifikat olish fikri menga 2024-yilning 2-yarmida keldi. Tayyorgarlik jarayonida albatta qiyinchiliklar bo‘ldi. Ammo doimiy izlanishlarim, ota-onamning qo‘llab-quvvatlashi hamda ustozlarim, ayniqsa sinf rahbarim Rahmatova Zulxumor Obloqulovnaning ishonchi sababli shunday natijaga erishdim, — deydi u.
Tayyorlanish uchun qancha vaqt ketdi?
O‘quvchining so‘zlariga ko‘ra, asosiy fanlardan sertifikat olish uchun ancha vaqt davomida tayyorgarlik ko‘rgan.
Asosiy fanlar uchun o‘rtacha 1,5 yil, majburiy fanlar uchun esa 4–6 oy davomida tayyorlandim, — deydi Kumush.
O‘quvchi 4 ta fandan quyidagi natijalarni qayd etgan:
O‘zbek tili va adabiyot — A
Tarix — B
Matematika — C+
Ingliz tili — CEFR B2
Tayyorgarlik davomida u asosan repetitor mashg‘ulotlari hamda turli onlayn platformalardan foydalangan.
‘‘Eng samarali usul — doimiy takrorlash’’
Kumushning ta’kidlashicha, tayyorgarlik jarayonida eng muhim usul — hech bir mavzuni e’tibordan chetda qoldirmaslik va o‘tilgan mavzularni muntazam takrorlash.
Hech bir mavzuni e’tibordan chetda qoldirmasdan, o‘tilgan mavzularni doimiy takrorlardim. Har bir mavzuni qayta ko‘rib chiqib, testlar ishlash orqali bilimlarimni mustahkamlab bordim, — deydi u.
Uning ta’kidlashicha, imtihon savollari tayyorgarlik jarayonidagi testlarga nisbatan osonroq bo‘lgan.
Maktab va tayyorgarlikni qanday uyg‘unlashtirdi?
Kumush kun tartibini aniq rejalashtirganini aytadi.
Ertalab soat 8:15 dan 13:45 gacha maktab darslarida qatnashardim. Tushdan keyin faqat qo‘shimcha darslar va mustaqil tayyorgarlik bilan shug‘ullanganman.
Intensiv tayyorgarlik jarayonida uyqu rejimi ham biroz o‘zgarganini bildirdi.
Uyqu rejimimda ham o‘zgarishlar bo‘ldi. Ba’zida 22:00 dan 3–4 gacha uxlab, qolgan vaqtda dars tayyorlardim, — qo‘shimcha qiladi u.
“Natijam past chiqsa, tushkunlikka tushardim..”
Boshqa o‘quvchilar kabi u ham ba’zi paytlarda qiyinchiliklarga duch kelgan.
Sinov testlar natijalari past chiqqan paytlarda tushkunlikka tushardim. Bunday vaqtlarda onam menga ruhiy dalda berib, yana davom etishimga yordam bergan, — deydi u.
““Vaqtni o‘g‘irlaydigan” ilovalarni vaqtinchalik o‘chirdim”
U ijtimoiy tarmoqlardan faqat o‘qish uchun foydalanganini aytadi.
Ijtimoiy tarmoqlardan asosan videodarslar ko‘rish uchun foydalandim. Tayyorgarlik jarayonida ““Vaqtni o‘g‘irlaydigan” ilovalarni vaqtincha o‘chirib qo‘yishni yoki umuman ishlatmaslikni tavsiya qilaman.
Kumush milliy sertifikat olishni istagan tengdoshlariga quyidagi maslahatlarni berdi:
Doimiy izlanishlar, qat’iyat va aniq maqsad juda muhim. Eng asosiysi esa bilimli va tajribali ustozlardan ta’lim olish.
Maktablarda iqtidorli o‘quvchilarni ko‘paytirish uchun nima qilish kerak deb o‘ylaysiz?
Uning fikricha, maktablarda bilim sifatini oshirish uchun nazorat kuchli bo‘lishi zarur.
Maktablarda kuchli nazorat bo‘lishi va har bir o‘quvchining yaxshi o‘qishi ta’minlanishi kerak. Bu jarayonda ota-onalar ham mas’uliyat bilan yondashishi muhim, — deydi u.
Kumushni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, 5 ta fandan milliy sertifikatlarga ega bo‘lib, muddatidan oldin 189 ball to‘plagan navoiylik 11-sinf o‘quvchisi Kamronbek G‘ulomov bilan suhbatlashgan edik. Intervyuni o‘qish
