Pedagogika yo‘nalishida o‘qiydigan talabalar har yili tashqi diagnostikadan o‘tkazilishi belgilanmoqda

Pedagogika yo‘nalishida o‘qiydigan talabalar har yili tashqi diagnostikadan o‘tkazilishi belgilanmoqda

‘‘Maktabgacha taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro tajribalarga mos ravishda tegishli bakalavrlar tayyorlash tizimini joriy etish to‘g‘risida’’gi Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasi muhokamalar portaliga joylandi.

 

Loyihaga ko‘ra:

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi 2026/2027 – oʻquv yilidan boshlab, har yili kadrlar tayyorlaydigan davlat va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlarida pedagog kadrlar tayyorlash sifatini tahlil qilish uchun talabalarning bilimlarini tashqi diagnostikadan oʻtkazadi.

 

Bunda:

 

— tashqi diagnostikaga oliy taʼlim tashkilotlarining uchinchi bosqich talabalari jalb etiladi;

 

— tashqi diagnostika natijalariga koʻra pedagog kadrlar tayyorlash sifati belgilangan talablarga javob bermaydigan deb topilgan taʼlim yoʻnalishini davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish boʻyicha Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Agentlikka taklif kiritadi;

 

— Agentlik Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish boʻyicha taklifiga kiritgan taʼlim yoʻnalishini shu yilning oʻzida navbatdan tashqari davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazadi.

 

Yangi tashkil etilgan taʼlim tashkilotlari va maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtgan taʼlim dasturlari birinchi kompleks davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazilgunga qadar davlat akkreditatsiyasidan oʻtgan hisoblanadi.

 

Ushbu qaror loyihasiga asosan, o‘rta maxsus ma’lumotli bog’cha pedagoglarini dual ta’limda o‘qitish tartibi va oliygohlar ro‘yxati ham e’lon qilingan edi.