2026-yil 6-mart kuni Davlat xavfsizlik xizmati Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Taʼlim tashkilotlarini litsenziyalash boʻlimi yetakchi mutaxassisi pora olayotgan vaqtida qoʻlga olingani haqida xabar bergan edi.
Maʼlumotlarga koʻra, u Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi nufuzli nodavlat oliy taʼlim muassasasining Surxondaryo viloyatida filialini ochish uchun vazirlikdan litsenziya olib berishni vaʼda qilgan. Mazkur masalani qisqa muddatda ijobiy hal qilib berish evaziga universitet mansabdor shaxsidan 100 ming AQSH dollari talab qilgan.
Ushbu holatga nisbatan koʻplab jamoat faollari turlicha fikr bildirmoqda.
“U ishongan kimdir bor, vazirlikda”
Bloger va jamoat faoli Zafar Solijonovga koʻra, oddiy yetakchi mutaxassisning 100 ming dollarni olishga haddi sigʻmaydi.
“Oddiy yetakchi mutaxassisning 100 ming dollarni olishga duxi yetmaydi. Demak u ishongan kimdir bor, vazirlikda. U vazirmi, oʻrinbosarimi yoki litsenziyalash boʻlimidagi kimdirmi? DXX buning oxirigacha yetishi va bu boradagi katta keys sifatida ishni ochsa boʻladi”, — deydi Solijonov.
«Men yuz ming dollar pora berish boshqacharoq boʻladi deb oʻylar ekanman, qandaydir qora kostyum-shimlarda…«
Tadbirkor Bektosh Hotamov esa, ushbu jinoyatga nisbatan JK ning 168-moddasi, yaʼni firibgarlik bilan emas, 210-modda, yaʼni pora olish bilan kvalifikatsiya qilinganiga eʼtiroz bildirgan.
Uning aytishicha, pora olish jinoyatida davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi mansabdor shaxsining oʻz xizmat mavqeyidan foydalangan holda sodir etishi lozim yoki mumkin boʻlgan muayyan harakatni pora berayotgan shaxsning manfaatlarini koʻzlab bajarishi yoki bajarmasligi evaziga shaxsan oʻzi yoki vositachi orqali qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy manfaatdor boʻlishi nazarda tutilgan.
Ushbu holatda qoʻlga tushgan shaxs esa Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi litsenziya boʻlimida shunchaki kichik xodim, uning litsenziya berish boʻyicha hech qanday vakolati yoʻq. Agar u shu pulni olib aynan litsenziya berishga vakolati boʻlgan insonga olib borib berganda yoki oʻzi shunday vakolatga ega boʻlganda jinoyat boshqacha tasniflanishi mumkin edi.
“Men yuz ming dollar pora berish qandaydir boshqacha boʻladi deb oʻylar ekanman. Qandaydir qora kostyum-shimlarda hech kim yoʻq yalanglik, ikkita mashinadan tushib kelishadi, albatta qora chemodan boʻladi, pulni sanab oʻtirishga vaqt yoʻq, shundoq qora chemodanni ochib qarab qoʻyishadi, imo-ishoralarda gaplashishadi, ikkala tomon ham bosh silkitib qoʻyadi”, — deydi Bektosh Hatamov.
“Roʻzgʻor tebratish uchun bir nechta joyda ishlash shartmas, hukumat bergan vakolatingdan foydalansang yetadi”
Taʼlim boʻyicha ekspert Komil Jalilov esa, ushbu holatni boshqacha ifodaladi.
“Ajoyib. Ertalabdan kechgacha ter toʻkish, roʻzgʻor tebratish uchun bir nechta joyda ishlash yoki har xil qoʻshimcha ishlarni zimmaga olishning nima keragi bor? Hukumatning oʻzi qoʻlingga bergan vakolatdan unumli foydalansang boʻldi — «oddiy” Oʻzbekistonlikka ishlab topish uchun butun umri ketadigan summani bir soatda olasan — qoʻyasan», — deydi Jalilov.
Bakirov esa ushbu holatga nisbatan kichik iqtibos orqali oʻz fikrini bildirib oʻtdi.
“Korrupsiyaning oʻq ildizi bozor tartibga solishi mumkin boʻlgan muvozanatni amaldorning qoʻliga vakolat qilib berishga borib taqaladi”, — Bakirov.
