Bolalarda ijodiy fikrlashni rivojlantirishda hikoya yozish muhim o‘rin tutadi. Biroq ko‘plab o‘quvchilar “hikoya yozing” topshirig‘ini qanday bajarishni tushunmay qolishadi. Shu sababli o‘qituvchi yoki ota-ona avvalo hikoyaning tuzilishi va mazmunini sodda va tushunarli tarzda izohlab berishi muhim.
Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tomonidan chiqarilgan tavsiyaviy materialda keltirilishicha, bolalarga hikoya yozishni o‘rgatish uchun samarali vosita bu bir qahramon boshidan o‘tayotgan voqeani aytib berishdir.
Hikoya nima?
Bolalarga hikoya yozishni o‘rgatishda avvalo uning mohiyatini tushuntirish kerak. Eng sodda tushuntirish quyidagicha bo‘lishi mumkin:
Hikoya — bu bir qahramon boshidan kechirgan voqeani aytib berish.
Hikoya odatda 3 ta asosiy bosqichdan iborat bo‘ladi:
- boshlanish — qahramon, voqea sodir bo‘ladigan joy va vaqt tanishtiriladi;
- o‘rtasi — qahramon boshidan kechiradigan muammo yoki sarguzasht yuz beradi;
- tugash — muammo hal bo‘ladi yoki voqea yakuniga yetadi.
Agar bolalar shu uch bosqichni eslab qolsa, hikoya yozish jarayoni ular uchun ancha osonlashadi.
Qahramon haqida savollar berish
Ko‘pincha bolalar hikoyada bosh qahramonni aniq tasvirlashni unutib qo‘yishadi. Bunday holatda o‘qituvchi o‘quvchilarga yordam beruvchi savollar berishi mumkin:
– Qahramon kim? (bola, mushuk, robot va boshqalar)
– Qahramon nima xohlaydi?
– Qahramonning kuchli tomoni nima?
– Qahramon nimadan qo‘rqadi?
Bu savollar bolalarning tasavvurini faollashtiradi va hikoyani yanada qiziqarli qiladi.
Rasm orqali hikoya tuzish
Bolalarning tasavvurini rivojlantirish uchun rasm asosida hikoya yozdirish juda samarali usul hisoblanadi. Masalan, o‘rmon, maktab, mushuk yoki robot tasvirlangan rasm berilib, quyidagi savol berilishi mumkin:
“Bu yerda nima bo‘lgan bo‘lishi mumkin?”
Rasmga qarab voqeani tasavvur qilish bolalarga hikoyani osonroq yozishga yordam beradi.
“Kim? Qayerda? Qachon?” usuli
Hikoya tuzishda yana bir sodda va samarali metod — uchta asosiy savoldan foydalanishdir:
- Kim? – qahramon kim?
- Qayerda? – voqea qayerda sodir bo‘ladi?
- Qachon? – voqea qaysi vaqtda bo‘ladi?
O‘quvchilarga kichik jadval berib, shu savollarga javob yozdirilsa, hikoya deyarli shakllanib bo‘ladi.
Hikoyada muammo bo‘lishi kerak
Har qanday hikoyani qiziqarli qiladigan omillardan biri — voqeada muammo yoki to‘qnashuvning mavjudligidir. Agar hikoyada muammo bo‘lmasa, u o‘quvchi uchun unchalik qiziqarli bo‘lmaydi.
Masalan:
- mushuk yo‘qolib qoldi;
- bolaning o‘yinchog‘i buzildi;
- qahramon biror joyga kechikib qoldi.
Bunday muammolar hikoyaga harakat va qiziqish bag‘ishlaydi.
Hikoya tuzilishini o‘rgatish
Hikoya yozishda bolalarga quyidagi oddiy ketma-ketlikni o‘rgatish tavsiya etiladi:
Hikoya boshida qahramon va voqea joyini tanishtiring.
O‘rtasida muammo yoki sarguzashtni tasvirlang.
Oxirida muammoni qanday hal bo‘lganini yozing.
Bu usul hikoya yozishning eng sodda va keng tarqalgan metodlaridan biridir.
Bolalarni murakkab gap tuzishga majbur qilmaslik
Hikoya yozishda bolalarni murakkab va uzun gaplar tuzishga majbur qilish shart emas. Eng muhimi — ularning fikrini erkin ifoda etishi.
Masalan, quyidagi oddiy jumlalar ham hikoya boshlanishi bo‘lishi mumkin:
“Men o‘rmonga bordim. Yo‘limni yo‘qotdim. Keyin kimdir menga yordam berdi”. Oddiy gaplardan boshlangan hikoya keyinchalik yanada boyib borishi mumkin.
Avval og‘zaki hikoya qildirish
Hikoya yozishdan oldin uni og‘zaki aytib berish mashqi ham juda foydali. Dars boshida 2–3 daqiqa davomida o‘quvchilardan:
“Hikoyangni menga aytib ber” deb so‘rash mumkin. Bu usul bolalardagi qo‘rquvni kamaytiradi va yozish jarayonini osonlashtiradi.
Hikoyani tekshirish uchun 3 savol
Hikoya yozib bo‘lingach, o‘quvchilarga quyidagi uch savolni berish tavsiya etiladi:
- hikoyamda boshlanish bormi?
- hikoyamda muammo bormi?
- hikoyamda yechim bormi?
Agar shu uch jihat to‘g‘ri bo‘lsa, hikoya sifatli chiqadi.
Rag‘bat va qo‘llab-quvvatlash
Bolalar ijod qilish jarayonida rag‘batga juda muhtoj bo‘lishadi. Hatto ular uch-to‘rt qatordan iborat kichik hikoya yozgan bo‘lsa ham, ularni maqtash muhim.
Masalan, “Zo‘r!”, “Ajoyib g‘oya!”, “Yana davom ettir!” kabi ijobiy fikrlar bolalarda ijodiy faoliyatga qiziqishni yanada kuchaytiradi.
Bolalarga hikoya yozishni o‘rgatish jarayonida sodda tushuntirish, savollar berish, rasm asosida ishlash va og‘zaki hikoya qilish kabi metodlardan foydalanish samarali natija beradi. Eng muhimi, bolalarga erkin fikrlash imkonini yaratish va ularni doimiy ravishda rag‘batlantirib borishdir.
Avvalroq, Blum taksonomiyasi, o‘quvchilarda kognitiv fikrlashni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyaviy maqola chiqarilgan edi.
Muallif: Gulnoz Xodjayeva
